Trampning odami O‘zbekistonga keladi

Olam

image

AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor joriy yilning 3–7 fevral kunlari O‘zbekistonga va Qirg‘iz Respublikasiga tashrif buyuradi. Bu haqda AQSH Davlat departamenti saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Bishkekda bo‘lib o‘tadigan B5+1 biznes forumida Gor O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va Turkmaniston (birgalikda C5) hamda amerikalik yirik biznes yetakchilari va siyosatchilar bilan uchrashadi.

Bildirilishicha, yuqori darajadagi muhokamalarda u AQSH va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda biznes hamjamiyatining muhim rolini alohida ta’kidlaydi. Shuningdek, Bishkek va Toshkent shaharlarida Gor ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun yuqori martabali rasmiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

“Qo‘shma Shtatlar Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, butun mintaqada barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladigan innovatsion hamkorliklarni rivojlantirishga sodiqdir”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Serjio Gor yangi tashkil etilgan AQSH-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining hamraisi bo‘lib faoliyat yuritishi haqida xabar berilgan edi.

U 2025 yilning 25 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan O‘zbekistonga kelgandi. 26 oktyabr kuni esa ular O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyati bilan tanishgan. Elchixona e’lon qilgan rasmlardan AQSH rasmiylari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va “Chorsu” bozoriga borganini ko‘rish mumkin. Ularga O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik hamrohlik qilgan.

27 oktyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Serjio Gor bilan uchrashdi. Mirziyoyevaning yozishicha, AQSH ma’muriyatining yuqori martabali vakillari O‘zbekistonda keyingi 8 yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddati va jadal sur’atini qayd etgan.

Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev maxsus vakil Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv so‘nggida Gor O‘zbekiston yetakchisiga Tramp nomidan yuborilgan bir qator sovg‘alarni topshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Serjio Gor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing