Kim Chen In Putin uchun qarorgoh qurdirmoqda

Olam

image

Shimoliy Koreya poytaxti Pxenyanda bir vaqtning o‘zida uchta hashamatli bino qurilmoqda. Ulardan biri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda NK News xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, binolar Pxenyandagi Kimsusan mehmonlar majmuasi hududida barpo etilmoqda. Har bir qarorgohning maydoni taxminan 13 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili ushbu ob’ektlar yaqin oylar ichida yuqori martabali xorijiy yetakchilarni qabul qilishga tayyorlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Qarorgohlar qurilishi bilan bir vaqtda, yaqin hududda yangi qabriston va muzey ham bunyod etilmoqda. Ular Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga bag‘ishlanadi.

Loyiha 2025 yil oktyabr oyi oxirida ishchilar uchun katta qurilish lageri tashkil etilishi bilan boshlangan. Noyabr o‘rtalariga kelib esa binolarning bir necha qavati allaqachon qad rostlagan.

Hozircha Shimoliy Koreya rasmiylari Kim Chen In bilan uchrashish uchun xorijiy yetakchilar tashrifi haqida e’lon bermagan. Biroq Ukrainadagi urush fonida KXDR va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar kuchaygani sababli Vladimir Putin yangi rezidensiyaning asosiy ehtimoliy mehmoni sifatida ko‘rilmoqda. Ularning so‘nggi yuzma-yuz uchrashuvi 2025 yil sentyabrida Pekinda, harbiy parad vaqtida bo‘lib o‘tgan.

Shunga o‘xshash hashamatli qarorgoh 2019 yilda Xitoy raisi Si Szinpin uchun ham Pxenyanda qurilgan va u atigi to‘rt oyda foydalanishga topshirilgan edi. Hozirgi qurilish ham juda tez sur’atlarda olib borilmoqda. Bu holat Kim Chen In ushbu loyihani asosiy ustuvor vazifa deb bilayotganini va uni yaqin bir necha oy ichida yakunlash niyatida ekanini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 noyabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va uning qizi Kim Chju E mamlakat Harbiy-havo kuchlari tashkil topganining 80 yilligida ishtirok etgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing