Kim Chen In yangi “Armiya va xalq” GESini ishga tushirdi (foto)

Olam

image

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Kanvon provinsiyasida barpo etilgan yangi “Armiya va xalq” gidroelektr stansiyasining ishga tushirilishi marosimida qatnashdi va uning ob’ektlari bilan tanishdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Agentlikka ko‘ra, ushbu GES viloyat rahbariyati joriy besh yillik reja doirasida mahalliy rivojlanishning asosiy vazifasi sifatida belgilagan 6 ta GESdan oxirgisi hisoblanadi.

GES ochilish marosimi kecha, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Tadbirda partiya va hukumat rahbarlari, TPK Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi prezidiumi a’zolari, viloyat partiya qo‘mitalarining mas’ul kotiblari, xalq qo‘mitalari raislari, harbiylar va quruvchilar, GES xodimlari, shuningdek, Kanvon viloyati va Xvayan tumani aholisi ishtirok etgan.

Marosimda so‘zga chiqqan Shimoliy Koreya yetakchisi loyihaning yakunlanishi katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“GESning “Armiya va xalq” nomi bilan aynan 2025 yilning muvaffaqiyatli yakunlanishi uchun butun mamlakat harakat qilayotgan bir paytda ishga tushirilgani juda quvonchli hodisa”, deydi Kim Chen In.

Agentlik e’lon qilgan suratlarda GES dambasiga “Xalqning buyuk birligi” deb yozilgani ko‘rinadi.

Kim Chen In partiya Markaziy qo‘mitasi nomidan GESni barpo etgan quruvchilarga, Kanvon viloyati aholisiga hamda Koreya Xalq Armiyasi askarlariga minnatdorlik bildirgan. Ularning “kelajak avlodlar uchun mustahkam energetika bazasi yaratgani”ni, bu natijani partiyaning IX qurultoyi sharafiga “sovg‘a” deb atagan.

Marosim yakunida Kim Chen In qizil lentani kesib, GESning tarixi xonasi va elektr generatorlari kabi ob’ektlar bilan tanishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya dengizdagi strategik qanotli raketalarini sinovdan o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing