Kim Chen In Janubiy Koreyani “eng ashaddiy dushman” deb e’lon qildi
Olam
−
24 mart 2653 2 daqiqa
KXDR yetakchisi Kim Chen In 15-chaqiriq Oliy xalq majlisining birinchi sessiyasidagi dasturiy nutqida Janubiy Koreyani rasman “eng ashaddiy dushman davlat” deb e’lon qildi. Bu haqda bugun, 24 mart kuni Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.
“Biz Janubiy Koreyani eng ashaddiy dushman davlat deb hisoblaymiz, uni eng aniq so‘zlar va harakatlar bilan butunlay rad etamiz va e’tiborsiz qoldiramiz”, deydi u.
Shu bilan birga, Shimoliy Koreya yetakchisi Janubiy Koreyaning KXDRga nisbatan har qanday ehtimoliy tajovuzi uchun ayovsiz jazo muqarrar ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Janubiy Koreyaning respublikamizga daxldor har qanday harakati uchun uni zarracha istisnosiz va ikkilanmasdan shafqatsiz badal to‘lashga majbur qilamiz”, deya ogohlantirgan Kim Chen In.
Qayd etish joiz, joriy yilning fevral oyi oxirida KXDR yetakchisi Janubiy Koreya bilan har qanday aloqalardan butunlay voz kechishini bildirgan va bir-biriga dushman bo‘lgan ikki xil davlat tamoyilini yana bir bor ta’kidlab, hatto BMTda ham mamlakatlar ikkita alohida davlat sifatida ro‘yxatga olinganini qayd etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Seul bilan munosabatlarda “hech narsa qolmagan”, agar biron narsa qolgan bo‘lsa, u ham faqat Pxenyan milliy manfaatlaridan kelib chiqadigan “sovuq hisob-kitob” va “qat’iy munosabatdir”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yana Prezident etib qayta saylangan edi. Ushbu qaror mamlakat Oliy xalq majlisining bir kun avval bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasidan so‘ng qabul qilingan. U 99,93 foiz ovozi bilan tasdiqlangan, saylovda ishtirok etish darajasi esa 99,99 foiz bo‘lgan.
Live
Barchasi