Shimoliy Koreya hech qachon yadroviy davlat maqomidan voz kechmaydi – Kim Chen In
Olam
−
24 mart 2693 2 daqiqa
Shimoliy Koreya hech qachon yadroviy davlat maqomidan voz kechmaydi. Bu haqda mamlakat yetakchisi Kim Chen In 15-chaqiriq Shimoliy Koreya Oliy xalq yig‘inining birinchi sessiyasidagi dasturiy nutqida so‘z ochdi.
“Hukumat yadroviy davlat maqomini mutlaqo qaytarib bo‘lmaydigan darajada mustahkamlashni davom ettiradi va bizga qarshi kuchlarga faol kurash olib borib, ularning barcha antirejimi provokatsiyalarini yo‘q qiladi”, degan Kim Chen In.
Shuningdek, u Shimoliy Koreya hukumati armiyani va mudofaa sanoatini izchil modernizatsiya qilishini, mamlakatni “qal’aga” aylantirish uchun zarur bo‘lgan inson va moddiy resurslarni to‘liq ta’minlashini hamda mudofaa salohiyatini doimiy ravishda oshirib borishini bildirgan.
“Raqiblarimiz qarama-qarshilikni tanlaydimi yoki tinch hamjihatlikni tanlaydimi – bu ularning ixtiyorida, biz esa har qanday tanlovga javob berishga tayyormiz”, degan davlat yetakchisi.
Kim Chen In Shimoliy Koreya hech qachon tinchlikdan voz kechmaganini, aksincha, tinchlikni himoya qilish uchun harakatdan to‘xtatmasligini ham ta’kidlagan. Uning fikricha, bu nafaqat mamlakat xavfsizligini ta’minlash, balki mintaqa va xalqaro hamjamiyatda barqarorlikni saqlashga qaratilgan mas’uliyatli yondashuvdir.
Shuningdek, u hukumatning davlat suvereniteti, mavjudligi, xavfsizligi va rivojlanishiga tahdid solayotgan kuchlarga qarshi barcha mavjud vositalarni ishga solish pozitsiyasi “mutlaqo o‘zgarmas” ekanini bildirgan. Kim Chen Inning aytishicha, Shimoliy Koreya hukumati bundan buyon ham mustaqillik bayrog‘ini baland ko‘tarib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yana Prezident etib qayta saylangandi. Ushbu qaror mamlakat Oliy xalq majlisining bir kun avval bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasidan so‘ng qabul qilingan. U 99,93 foiz ovozi bilan tasdiqlangan, saylovda ishtirok etish darajasi esa 99,99 foiz bo‘lgan.
Live
Barchasi