Kim Putinga yana 5 ming askarini “sovg‘a qildi”

Olam

image

Shimoliy Koreya o‘zining 5 ming harbiyini Rossiyaga yubordi. Bu haqda razvedka ma’lumotlariga tayanib, Janubiy Koreya Milliy axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, harbiylar urush ketayotgan hududda infratuzilmani tiklash ishlarida ishtirok etadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaga taxminan 5 ming shimoliy koreyalik muhandislik qo‘shinlari harbiysi yetkazilgan, ular buzilgan infratuzilmani tiklash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, 1 ming harbiy maydonlarda sapyorlik ishlariga jalb qilinadi. Umumiy hisobda, Seulning ma’lumotlariga ko‘ra, Pxenyan Rossiyaga 10 mingga yaqin harbiy jo‘natadi.

Janubiy Koreya deputatlariga ko‘ra, harbiylar sentyabrdan boshlab bosqichma-bosqich Rossiyaga jo‘natilmoqda. Shuningdek, Seul Shimoliy Koreya tomonidan yana qo‘shimcha harbiylarni tayyorlash va tanlash ishlari davom etayotganini qayd qilmoqda.

Hozirda Rossiyada taxminan 10 ming shimoliy koreyalik harbiy va 1000 sapyor faoliyat yuritmoqda. Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, KXDR harbiylaridan kamida 600 nafari Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan.

Joriy yilning iyul oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuv chog‘ida Kursk viloyatini ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining xabar berishicha, Shimoliy Koreya Moskvaning “maxsus harbiy operatsiyasi”ni doimiy qo‘llab-quvvatlab keladi. Shuningdek, Shimoliy Koreya armiyasi harbiylari Kursk viloyatidagi hududlardan Ukraina kuchlarini va xorijiy yollanma harbiylarni haydashda yordam bergani qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida halok bo‘lgan o‘z askarlari xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik qurishni boshlagandi. “Jangovar qahramonliklar memorial muzeyi” nomli yodgorlik poytaxt Pxenyanda quriladi. Loyiha poydevor qo‘yish marosimida Kim Chen In va Shimoliy Koreyadagi Rossiya elchisi, shuningdek, hukumat va harbiy rahbarlari, Rossiyada halok bo‘lgan askarlarning oilalari ham ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Janubiy Koreya Sergey Lavrov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing