Tojikiston Rossiya elchisini TIVga chaqirtirdi

Olam

image

Avvalroq, Rossiyaning Moskva viloyati Odinsovo shahrida 15 yoshli maktab o‘quvchisi tojik millatiga mansub ekani aytilgan 4-sinf o‘quvchisini pichoqlab o‘ldirgani, keyin esa Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev bilan telefon orqali gaplashib, mazkur masalani muhokama qilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur hodisa ortidan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisini chaqirtirdi. Bu haqda Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi xabar berdi.

“Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2025 yil 16 dekabr kuni Moskva viloyati Odinsovo shahar okrugi, Gorki-2 posyolkasidagi Uspenskaya o‘rta maktabida milliy adovat zaminida sodir etilgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosi, ushbu maktabning 4-sinf o‘quvchisi Aliyev Qobiljonga qilingan hujumni qat’iyan qoralaydi. Mazkur hujum oqibatida yuqorida tilga olingan Tojikiston fuqarosi voqea joyida vafot etgan”, deyiladi bayonotda. 

Bildirilishicha, mazkur holat munosabati bilan Rossiya Federatsiyasining Tojikiston Respublikasidagi elchisi Semyon Grigorev Tojikiston TIVga chaqirilib, unga ushbu fojiali hodisa bo‘yicha Rossiya tomoni tomonidan zudlik bilan, xolis va beg‘araz tergov o‘tkazish hamda barcha aybdor shaxslarni qonun doirasida to‘liq javobgarlikka tortish talabi aks etgan nota topshirilgan.

Shuningdek, Tojikiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasiga marhumning oila a’zolari va yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lish, shuningdek ushbu masalani nazoratga olish buyurilgan.

Qayd etish joiz, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan Tojikistonga hamdardlik bildirgan va voqeaning ob’ektiv tergovi uchun zarur barcha choralarni ko‘rishga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingan. Uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya pichoqbozlik Moskva nota maktab Tojikiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing