Kongressga AQSHning NATOdan chiqishi bo‘yicha qonun loyihasi kiritildi

Olam

image

AQSH Kongressining Vakillar palatasidagi respublikachi a’zo Tomas Massi mamlakatning NATOdan chiqishi bo‘yicha qonun loyihasini kiritdi. Bu haqda kongressmenning rasmiy saytida xabar berildi.

Tashabbus “Ishonchsiz tashkilot to‘g‘risidagi qonun” (Not A Trusted Organization Act) deb nomlanadi. Hujjat matnida aytilishicha, Shimoliy Atlantika alyansi sovuq urush davrining merosi bo‘lib, u SSSRga qarshi turish uchun yaratilgan, SSSR esa bundan 30 yil avval parchalanib ketgan. Shu vaqtdan buyon AQSHning NATOdagi ishtiroki amerikalik soliq to‘lovchilarga trillionlab dollarga tushgani qayd etilgan.

“Bizning konstitutsiyamiz cheksiz tashqi mojarolarda doimiy ishtirokni nazarda tutmagan, bundan bizni asos soluvchilar ogohlantirgan. Amerika dunyoning himoyachisi bo‘lishi shart emas, ayniqsa boy davlatlar o‘z mudofaalari uchun to‘lashdan bosh tortayotgan bir paytda”, deydi Massi.

Agar ushbu qonun qabul qilinsa, AQSH Prezidenti 30 kun ichida mamlakatning blokdan chiqishi haqida Shimoliy Atlantika alyansiga xabar berishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, amerikalik soliq to‘lovchilarning mablag‘laridan NATO byudjetlarini moliyalashtirish taqiqlanadi. Massining partiyadoshi, Yuta shtatidan senator Mayk Li ham Senatga shunga o‘xshash qonun loyihasini kiritgan.

Qayd etish joiz, bungacha AQSH Prezidenti Donald Tramp ham bir necha bor mamlakatning NATOdan chiqishi bilan tahdid qilgan. U blokdagi ittifoqchilarni mudofaa xarajatlarining yetarli emasligi uchun tanqid qilgan. Shundan so‘ng alyans davlatlari 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirish majburiyatini olgan. Shu bilan birga, Jo Bayden prezidentligi davrida kongress har qanday AQSH Prezidentiga NATOdan chiqishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qullagan. Tashabbus hammualliflari orasida hozirgi Davlat kotibi Marko Rubio ham bo‘lgan, ammo “Politico”ning yozishicha, Tramp bu taqiqni Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha vakolatlaridan foydalanib chetlab o‘tishi mumkin.

Tramp davrida qabul qilingan yangi AQSH Milliy xavfsizlik strategiyasida NATOning “doimiy kengayib borayotgan alyans” sifatida qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi qayd etilgan. Hujjatda, shuningdek, Vashington bundan buyon “Atlant kabi butun jahon tartibini o‘z yelkasida ko‘tarib turmasligi” ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shma Shtatlar Yevropadan 2027 yilgacha NATO majburiyatlarining asosiy qismini, jumladan, raketa ishlab chiqarish va razvedka ma’lumotlarini yig‘ishni o‘z zimmasiga olishni talab qilgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh NATO Kongress

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing