Konteyner uyga ko‘chib o‘tgan hokimning ostonasiga xat tashlab ketildi
Jamiyat
−
24 Sentabr 39901 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Norin tumani hokimining yaqinda Prezident tashrifidan so‘ng ko‘chib o‘tgan konteyner uyi darvozasiga xat yopishtirib ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga ilova qilingan rasmda xat mazmuni ham keltirilgan.
“Hurmatli hokim Jo‘rabek Nurmatov, sizning qaroringiz tufayli biz oilaviy uysiz qolgan edik. Onam sarson-sargardonlikda vafot etdi. Men turmush qurganman, ukam esa hanuz uysiz, uylanolmay, vatan qilolmay yuribdi. Ishonamizki, siz qachondir o‘z uyingizga qaytasiz, biz esa 13 yildan beri qaytolmayapmiz. Hurmat bilan Qo‘ldosheva Salima”, deyiladi xatda.

Bugun, 24 sentyabr kuni mazkur maktub bo‘yicha Norin tumani hokimligi munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, fuqaroning xati yuzasidan hokimlik ishchi guruhi o‘rganish olib borgan. Murojaatchi fuqaro Salima Qo‘ldosheva bilan ko‘rishib, xat yozish sababi so‘ralgan.
Aniqlanishicha, fuqaro Salima Qo‘ldosheva mavjud muammolari yuzasidan tuman hokimi yoki tuman hokimligiga avval murojaat qilmagan. Uning yuqorida qayd etilgan murojaati esa atroflicha o‘rganilgan. Hozirda tuman hokimi tomonidan Salima Qo‘ldoshevaga amaliy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, “Ayollar daftari”ga ro‘yxatga kiritilgan.
“Ukasi A.Qo‘ldoshev ayni vaqtda xorijda bo‘lgani uchun mahalla yoshlar yetakchisi ishtirokida videoaloqa orqali gaplashgani, 10 kun ichida migratsiyadan qaytarish hamda o‘ziga mos ishga joylash choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, qayd etish joiz, avvalroq Namangan viloyati hokimligi tomonidan hokimning konteyner uyga ko‘chib o‘tgani haqida xabar berilib, unga konteyner uyning rasmi ilova qilingandi.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda xat tashlab ketilgan uyning hokim ko‘chib o‘tgani aytilgan konteyner uy emasligini ko‘rish mumkin. Shuningdek, rasmlarda uyning atrofi qo‘rg‘on qilib o‘ralgani aks etgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kutilmaganda kirib borgandi. Rejalashtirilmagan tashrif mahallaning og‘ir ahvolda ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Mahallada 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ular orasida 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz mavjud va 157 nafar fuqaro mehnat migratsiyasi maqsadida xorijda ishlayapti. Prezident mahallaning chang bosib, bo‘sh turgan xonalarini ko‘zdan kechirish bilan bir vaqtda, hududdagi muammolar bo‘yicha aholi fikrlarini eshitdi. Qolaversa, mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Aholi bilan suhbat chog‘ida davlat rahbari mahallaning nomi ham, qiyofasini ham o‘zgarishini aytgan. Mutassadilarga topshiriqlar berish jarayonida Mirziyoyev “tuman hokimi kerak bo‘lsa shu yerda yotib qolishi” zarurligini urg‘ulagandi.
Live
BarchasiPutin Imomali Rahmonga ta’ziya bildirdi.
22 dekabr