Krasnoyarskka favqulodda qo‘ndirilgan O‘zbekiston samolyoti manziliga jo‘nab ketdi
Olam
−
22 yanvar 9136 2 daqiqa
“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkentdan Vladivostokka uchgan va Krasnoyarskka favqulodda qo‘ngan reysi belgilangan manzilga jo‘nab ketdi. Bu haqda Krasnoyarsk xalqaro aeroporti matbuot xizmati xabar berdi.
“Samolyot [Krasnoyarskdan] mahalliy vaqt bilan soat 07:11 da (Toshkent vaqti bilan 05:11 da) uchib ketdi”, deyilgan xabarda.
21 yanvar kuni samolyot mahalliy vaqt bilan soat 14:46 da Krasnoyarsk aeroportiga texnik sabablarga ko‘ra favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Boeing 767-300 bortida 101 yo‘lovchi, 5 nafar ekipaj a’zosi va 16 nafar bort kuzatuvchisi bo‘lgan, hech kim jabrlanmagan. G‘arbiy Sibir transport prokuraturasining ma’lum qilishicha, havo kemasi vaqtincha foydalanishdan chetlatilgan. Krasnoyarsk transport prokuraturasi yo‘lovchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Aviakompaniyaning Telegram-kanalida xabar qilinishicha, zaxira samolyoti Boeing 767-300 yo‘lovchilarini o‘zgartirilgan jadval bo‘yicha Vladivostokka olib boradi.
“Rossiya Federatsiyasining Havo kodeksi va Federal aviatsiya qoidalariga muvofiq, parvozni dastlabki yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirishning iloji bo‘lmadi. Shu munosabat bilan yo‘lovchilarni tashish majburiy tartibda o‘zgartirilgan jadval bo‘yicha zaxira havo kemasi yordamida amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda. Krasnoyarsk aeroporti matbuot xizmatining tushuntirishicha, bort Toshkentga uchgan, u yerda yo‘lovchilar bojxona tartib-taomillaridan o‘tishlari kerak.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Krasnoyarsk tergov bo‘limi Jinoyat kodeksining 263-moddasi (havo transporti harakati va ekspluatatsiyasi xavfsizligi qoidalarini buzish) alomatlari bo‘yicha dastlabki tekshiruv olib bormoqda.
Live
Barchasi