“Krokus”dagi teraktni uyushtirganlarga hukm o‘qildi

Olam

image

Bugun, 12 mart kuni Rossiya Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Moskva viloyatidagi “Crocus City Hall” majmuasida sodir etilgan teraktning to‘rt nafar bevosita ijrochisini umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

“Fariduni, Mirzoyev, Fayzov va Rajabalizoda aybdor deb topilsin va ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin”, deya hukmni o‘qib eshittirgan sudya.

Shuningdek, sud ularning har biriga 990 ming rubl miqdorida jarima tayinlagan. Mahkumlar jazoni alohida tartibli koloniyada o‘taydi.

Shuningdek, Umidjon va Mustaqim Soliyevlar, Shaxromjon Gadoyev, Zubaydullo Ismoilov, Xuseyn Hamidov, Muhammad Sharifzoda, Yoqubjon Yusufzoda, Nazrimad Lutfulloi, Jumaxon Qurbonov, Xusan Medov va Jabroil Aushev ham umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini olgan.

Terakt ijrochilariga turarjoyni ijaraga bergan Alisher Qosimov 22 yil-u 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Uning Moskva viloyatidagi kvartirasi musodara etilgan. Ularga avtomobil sotgan Isroil, Dilovar va Aminjon Islomovlar esa 19 yil-u 11 oy muddatga hukm qilingan.

Ish bo‘yicha ayblanuvchilar terakt sodir etish, terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish, terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

“Crocus City Hall”dagi terakt

2024 yil 22 mart kuni Moskva viloyatining Krasnogorsk shahridagi “Crocus City Hall” majmuasida “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan oldin bir necha erkak ichkariga bostirib kirib, tashrif buyuruvchilar va xodimlarga qarata o‘t ochgan. Binoda yong‘in chiqqan.

Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, terakt oqibatida 147 kishi halok bo‘lgan, uch kishi bedarak yo‘qolgan, 336 kishi tan jarohati olgan va kamida 1 971 kishi o‘lim xavfi ostida qolgan. Yetkazilgan zarar miqdori 5,7 milliard rublni tashkil etgan.

Tergov va sud ma’lumotlariga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan ikki nafar Tojikiston fuqarosi va noma’lum shaxslar, “Ukrainaning oliy siyosiy rahbariyati manfaatlarini ko‘zlab”, Rossiya hududida “Islom davlati” tarkibiga kiruvchi “Xuroson viloyati” guruhining uchta yacheykasi faoliyatini tashkil etgan va mahkumlar ushbu guruhga a’zo bo‘lgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning xabar berishicha, Markaziy Osiyodan bo‘lgan olti kishi ushbu teraktni tashkil etishda ayblanib, sirtdan hibsga olingan va qidiruvga berilgan.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, ular hujumning to‘rt ijrochisini yollagan va chet elda o‘qitgan. Bundan tashqari, ish bo‘yicha qator ayblanuvchilar Dog‘istonning Kaspiysk shahridagi ko‘ngilochar majmuani portlatishni rejalashtirishgan.

Tergov talqiniga ko‘ra, jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari ishtirokida rejalashtirilgan va amalga oshirilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi teraktdan so‘ng to‘rt ijrochi Ukrainaga qochishga uringanini, biroq Bryansk viloyati hududida qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya terakt Crocus City Hall

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing