“Krokus”dagi terakt uchun sudlangan shaxs o‘z joniga qasd qildi
Olam
−
06 aprel 19972 3 daqiqa
Moskva viloyatidagi “Crocus City Hall” konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan shaxs o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda Rossiya Jazoni ijro etish federal xizmatining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasiga tayanib, RBK xabar berdi.
“Voqea joyida jonlantirish choralari ko‘rildi, biroq ular natija bermadi. Hozirda tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijalar tez orada ma’lum bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, sodir bo‘lgan voqea haqida kuzatuv kameralari orqali xabar topilgan. Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, mahkumning ismi oshkor etilmagan.
Jabrlanuvchilar manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Daniel Gote RBKga ma’lum qilishicha, “Matrosskaya tishina” tergov izolyatorida o‘z joniga qasd qilgan shaxs avvalroq umrbod ozodlikdan mahrum etilgan Yoqubjoni Davlatxon Yusufzoda bo‘lib chiqqan. Ishning yana bir figuranti Jabroil Aushev ham o‘z joniga qasd qilishga uringan, biroq tergov izolyatori xodimlari tomonidan o‘z vaqtida topilib, qutqarib qolingan. Gotening aniqlik kiritishicha, bu Aushev uchun birinchi urinish emas – u buni avvalroq 12 mart kuni, hukm o‘qilgan kuni ham amalga oshirishga uringan.
RBKning Jazoni ijro etish federal xizmatining Moskva bo‘yicha bosh boshqarmasidagi manbasi Aushevning o‘z joniga qasd qilish harakati 2025 yil noyabrida sodir bo‘lganini, o‘shandan beri yangi urinishlar kuzatilmaganini ta’kidlagan.
Yusufzoda 2024 yil 31 martda qo‘lga olingan, o‘sha paytda u 25 yoshda bo‘lgan. Yusufzoda Tojikistonda tug‘ilgan va ushbu mamlakat fuqarosi edi. U oilali bo‘lib, uch nafar farzandi bor. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan paytda Yusufzoda qurilishda norasmiy ishlagan va Moskvada vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Krokus”ga hujum qilishdan bir necha kun oldin Yusufzoda o‘z bank kartasidan terrorchilarning yashashini ta’minlash uchun sherigiga pul o‘tkazgan, teraktdan keyin esa ijrochilardan biriga mablag‘ yuborgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 3-qismi “b” bandi (terrorchilik harakati) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Moskva viloyatidagi “Crocus City Hall” majmuasida sodir etilgan teraktning ijrochilarini umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilgandi.
“Crocus City Hall”dagi terakt
2024 yil 22 mart kuni Moskva viloyatining Krasnogorsk shahridagi “Crocus City Hall” majmuasida “Piknik” guruhi konserti boshlanishidan oldin bir necha erkak ichkariga bostirib kirib, tashrif buyuruvchilar va xodimlarga qarata o‘t ochgan. Binoda yong‘in chiqqan.
Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, terakt oqibatida 147 kishi halok bo‘lgan, uch kishi bedarak yo‘qolgan, 336 kishi tan jarohati olgan va kamida 1 971 kishi o‘lim xavfi ostida qolgan. Yetkazilgan zarar miqdori 5,7 milliard rublni tashkil etgan.
Tergov va sud ma’lumotlariga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan ikki nafar Tojikiston fuqarosi va noma’lum shaxslar, “Ukrainaning oliy siyosiy rahbariyati manfaatlarini ko‘zlab”, Rossiya hududida “Islom davlati” tarkibiga kiruvchi “Xuroson viloyati” guruhining uchta yacheykasi faoliyatini tashkil etgan va mahkumlar ushbu guruhga a’zo bo‘lgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning xabar berishicha, Markaziy Osiyodan bo‘lgan olti kishi ushbu teraktni tashkil etishda ayblanib, sirtdan hibsga olingan va qidiruvga berilgan.
Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, ular hujumning to‘rt ijrochisini yollagan va chet elda o‘qitgan. Bundan tashqari, ish bo‘yicha qator ayblanuvchilar Dog‘istonning Kaspiysk shahridagi ko‘ngilochar majmuani portlatishni rejalashtirishgan.
Tergov talqiniga ko‘ra, jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari ishtirokida rejalashtirilgan va amalga oshirilgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi teraktdan so‘ng to‘rt ijrochi Ukrainaga qochishga uringanini, biroq Bryansk viloyati hududida qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi