“Krokus”dagi terrorda ayblanayotganlar uchun umrbod qamoq so‘raldi
Olam
−
17 fevral 3693 3 daqiqa
Rossiya prokuraturasi Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll”dagi terror hujumi ishi bo‘yicha 15 ayblanuvchi, jumladan jinoyatni bevosita amalga oshirgan to‘rt shaxs uchun umrbod qamoq jazosi qo‘llashni talab qildi. Bu haqda “Interfax” xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchilar advokati Lyudmila Aivarning aytishicha, boshqa ayblanuvchilarga 19 yildan 22 yilgacha koloniyada jazo so‘ralgan. Shuningdek, prokuratura ishdagi qolgan shaxslar uchun 500 mingdan 2,7 million rublgacha jarima ham qo‘llanishini talab qilgan.
Ularga terrorchilik, terrorchilik faoliyatiga yordam berish, terrorchilik maqsadida tayyorgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblov qo‘yilgan.
Rossiya Bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida 147 kishi halok bo‘lgan, 336 kishi jarohat olgan, 3 kishi yo‘qolgan. Keltirilgan zarar 5,7 milliard rublni tashkil qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumni tayyorlash, moliyalashtirish, amalga oshirish va qochish harakatlari “Viloyat Xorasan” guruhining a’zolari tomonidan internet orqali muvofiqlashtirilgan.
Rossiya tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning aytishicha, Markaziy Osiyodan chiqqan olti shaxs ushbu hujumni uyushtirishda gumon qilinib, ular qidiruvga berilgan.
Xabarga ko‘ra, hujum uchun D. Mirzoyev, M. Fayzov, Sh. Fariduni va S. Rachabalizodani yollangan. Bundan tashqari, ish bo‘yicha bir qator ayblanuvchilar Dog‘istonning Kaspiysk shahridagi ko‘ngilochar majmuani portlatishni rejalashtirgan. Hujumdan so‘ng to‘rt ijrochi Ukrainaga qochishga uringan, ammo Bryansk viloyatida ushlangan.
Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Xoll” konsert zaliga hujum 2024 yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘lgandi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 145 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.
O‘tgan yilning 1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.
Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi