Kuba nega tanazzul yoqasiga kelib qoldi?
Olam
−
20:15 1460 2 daqiqa
2015 yilda o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Barak Obama diplomatik aloqalarni tiklagach, Kubaga amerikalik sayyohlar oqimi kuchaygan, bu esa mahalliy biznesga jon bag‘ishlagan. Gavanadagi klassik avtomobil haydovchisi Mendi Pruna o‘sha davrni “turizmning oltin davri” deb eslaydi. Uning 1957 yilgi Chevrolet’i xorijlik mehmonlar orasida taniqli bo‘lgan, hatto mashhurlar ham xizmatidan foydalangan. Biroq hozir vaziyat keskin o‘zgargan. Bu haqda CNN yozdi.
Donald Tramp ma’muriyati bosimi ostida Venesueladan keladigan neft oqimi to‘xtagan, Meksikaga ham boj tahdidlari qo‘llangan. Oqibatda orolda yoqilg‘i tanqisligi kuchaygan. AQSH tomoni Gavana iqtisodiy va siyosiy islohotlarga majbur bo‘lishi kerakligini aytmoqda. Davlat kotibi Marko Rubio esa Kuba rahbariyati bilan faqat hokimiyatni topshirish masalasini muhokama qilishini bildirgan.
Yoqilg‘i va sayyohlarning bir paytda yo‘qolishi iqtisodiyotga og‘ir zarba bergan. Maktablar vaqtincha yopilgan, xodimlar majburiy ta’tilga chiqarilgan, mehmonxonalar va ayrim xalqaro reyslar bekor qilingan. Yillik sigara festivali ham bu safar o‘tkazilmagan. Tog‘-kon kompaniyalari ishlab chiqarishni to‘xtatgani, shifoxonalarda xizmatlar qisqargani, chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotgani, kechalari Gavana ko‘chalari qorong‘ilikka cho‘mayotgani aytilmoqda.
Oziq-ovqat ta’minoti ham xavf ostida. Kuba iste’mol qiladigan mahsulotlarning katta qismini import qiladi, biroq elektr uzilishlari va yoqilg‘i yetishmasligi sabab saqlash va tashish qiyinlashgan. Ayrim siyosatchilar AQSHdan pul o‘tkazmalari va turizmni to‘liq to‘xtatishga chaqirmoqda, bu esa gumanitar inqiroz xavfini kuchaytiradi.
Prezident Migel Dias-Kanel aholiga “ichki qarshilik” va urush davri ruhida yashashga chaqirgan. Ammo ko‘plab tadbirkorlar kelajakdan umidini uzmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 10 fevraldan boshlab joriy yilning 11 martigacha Kuba hukumati yetti yirik aeroport, jumladan, Gavana shahridagi Joze Marti xalqaro aeroportida samolyotlarni yonilg‘i bilan ta’minlamasligi aytilgan edi.
Live
Barchasi