Kubada yana to‘liq blekaut yuz berdi
Olam
−
22 mart 5722 1 daqiqa
Kubada yana elektr energiyasi butunlay o‘chib qoldi. Bu haqda kecha, 21 mart kuni mamlakat Energetika vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar qildi.
“Milliy elektr ta’minoti tizimi to‘liq uzildi. Allaqachon uni qayta tiklash protokollari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ushbu blekaut AQSH tomonidan Kubaga nisbatan o‘rnatilgan neft blokadasi fonida sodir bo‘ldi. So‘nggi oylarda mamlakatda yoqilg‘i yetkazib berishdagi uzilishlar va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar muntazam ravishda qayd etilmoqda.
Oxirgi haftalarda Kubada bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadigan o‘chishlar seriyasi kuzatildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 mart kuni Kuba Milliy elektr energetika ittifoqi butun orol elektrdan uzilganini, oqibatda 10 millionga yaqin aholi zulmatda qolganini xabar qilgan edi. Elektr ta’minotini to‘liq tiklashga 18 martga kelibgina erishilgandi.
Mamlakat Prezidenti Migel Dias-Kanel xalqqa murojaatida Kubaga uch oydan beri yoqilg‘i yetkazib berilmayotganini ta’kidlagan. LSEG kemalarni kuzatish tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Kuba bor-yo‘g‘i ikkita kichik neft tashuvchi kemani (Meksika va Yamaykadan) qabul qilgan.