AQSH Kuba Prezidentini “qora ro‘yxat”ga tiqdi

Olam

image

Kecha, 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Unga Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel hamda unga aloqador shaxslar va kompaniyalar kiritildi. Bu haqda Amerika Moliya vazirligining press-relizida so‘z boradi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga Kuba Prezidentining o‘zidan tashqari, uning oila a’zolari, xususan, rafiqasi Lis Kuesta ham kiritilgan. Kubaning birinchi xonimi bunday ro‘yxatda bo‘lish u uchun “o‘ziga xos sharaf” ekanligini yozib qoldirgan va bu kabi bosimni “bema’nilik va ahmoqlik” deb atagan.

Shuningdek, cheklovlar ostiga Raul Kastroning o‘g‘li Alexandro Kastro Espin va kubalik inqilobchining nabirasi Alexandro Kastro Kalis ham tushgan. Tashkilotlar orasida Inqilobni himoya qilish qo‘mitasi, Kuba Inqilobiy qurolli kuchlar vazirligi (MINFAR) va boshqalar bor.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘zining X’dagi sahifasida Oq uy AQSHning “milliy xavfsizligiga tahdid solishni” maqsad qilgan hamda o‘zlarining “zaharli va yovuz “inqilobini” butun dunyoga eksport qilayotgan radikal marksistik rejimlarga bundan buyon toqat qilmasligini” yozgan.

“Vashingtonning Dias-Kanelga nisbatan ushbu harakatlari orol-davlatning kommunist rahbarlariga bosimni kuchaytirishdagi navbatdagi qadamidir”, deb yozadi “Reuters”. 

Shu yilning may oyida Qo‘shma Shtatlar Kubaning sobiq rahbari, 94 yoshli Raul Kastroga nisbatan ayblov e’lon qilgan edi. Ularning orasida AQSH fuqarolarini o‘ldirish maqsadida til biriktirish epizodi ham bor edi.

Gavanaga nisbatan bosim o‘tgan yilning oxiridan, ya’ni Amerika kuchlari Kubaga ketayotgan Venesuela nefti ortilgan kemani qo‘lga kiritganidan so‘ng kuchaydi. Venesuela rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin AQSH ma’muriyati orolga yonilg‘i yetkazib berishni to‘xtatishni talab qildi va Kubaga neft yetkazib beruvchi mamlakatlarga nisbatan bojxona to‘lovlari joriy etish bilan tahdid qildi. Bu, masalan, Meksika tomonidan eksportning to‘xtatilishiga va davlatda yonilg‘i taqchilligiga olib keldi.

Prezident Donald Tramp ma’muriyati amalda yonilg‘i blokadasini joriy etdi. Prezident, shuningdek, Venesuelada Nikolas Maduro hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin navbatdagisi Kuba rahbari bo‘lishi mumkinligiga bir necha bor shama qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kubaning sobiq prezidenti Raul Kastroga nisbatan qotillik ayblovlarini e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp sanktsiya Kuba Migel' Dias-Kanel'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing