Layk uchun jinoiy javobgarlik bekor qilindi. Tojikistonda!

Olam

image

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon mamlakat Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda “layk” yoki boshqa belgilar (emoji) bosganlik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qildi. Bu haqda “Sputnik Tojikiston” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga kiritilgan ushbu qo‘shimchalar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan materiallarga munosabat bildirgan foydalanuvchilarga nisbatan qo‘llanilgan jinoiy choralarni rasmiy ravishda bekor qiladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida respublika parlamentining quyi palatasi ijtimoiy tarmoqlardagi layklarga nisbatan jinoiy javobgarlikni bekor qilishni ma’qullagan. Qolaversa, bunday tashabbus bilan Bosh prokuratura ham chiqqan.

Aniqlik kiritilishicha, Jinoyat kodeksining 179-moddasi 3-qismi (Terrorchilik xarakteridagi jinoyatlarni sodir etishga ommaviy da’vat qilish va (yoki) terrorchilik faoliyatini ommaviy oqlash) hamda 307-moddasi 1-qismining (Ekstremistik faoliyatni amalga oshirishga ommaviy da’vat qilish va ekstremizmni ommaviy oqlash) izoh qismiga “layk bosish yoki boshqa belgilar orqali rozilik bildirish bundan mustasno” degan qo‘shimcha kiritiladi. Ta’kidlash joizki, yuqorida tilga olingan Jinoyat kodeksi moddalariga ko‘ra, eng ko‘p jazo muddati mos ravishda 15 va 12 yil ozodlikdan mahrum etishni tashkil qiladi.

Parlamentdagi chiqishida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Umid Karimzoda bergan statistik ma’lumotga ko‘ra, 2025 yil aprel holatiga ko‘ra internetdagi videoroliklar ostiga layk bosgan yoki “terroristik va ekstremistik mazmundagi” postlarga izoh qoldirgan 1507 nafar fuqaro qamoqda saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Tojikiston Prezidenti layklar uchun hibsga olish amaliyotini tanqid qilgandi. U huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ijtimoiy tarmoqlarda post va videolarga layk bosgan fuqarolarga nisbatan asossiz jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishini qoralagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston jinoiy javobgarlik Layk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing