Londonda 60 dan ortiq bola qizamiq bilan kasallandi
Olam
−
15 fevral 843 1 daqiqa
Londonning shimolidagi Enfild hududida 60 dan ortiq bolada qizamiq aniqlandi. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni “The Guardian” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yettita maktab va bolalar bog‘chasida kasallik holatlari qayd etilgan. Ayrim bolalar shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar kasallikning tarqalishiga hududda emlash darajasi pastligi sabab bo‘layotganini aytmoqda. Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, agar vaziyat nazoratga olinmasa, Londonda 40 mingdan 160 minggacha odam qizamiq yuqtirishi mumkin.
Enfild jamoat salomatligi direktori Dudu Cher-Arami qizamiq Londonda jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt mamlakat bo‘yicha qizamiqqa qarshi emlash darajasi eng past hududlardan biri hisoblanadi.
Hozirda Enfildda vaqtinchalik emlash markazlari tashkil etilgan. Ota-onalarga bolalarni emlatish bo‘yicha ogohlantiruvchi xatlar yuborilgan.
Qizamiq — havo tomchilari orqali yuqadigan, juda tez tarqaluvchi virusli kasallik. Ayniqsa yosh bolalar uchun xavfli bo‘lib, hatto o‘limga ham olib kelishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qizamiqqa qarshi emlash 97 foiz samarali hisoblanadi. Emlanmagan shaxs esa kasallangan odam bilan aloqa qilganda deyarli 100 foiz holatda virusni yuqtirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Kalkutta shahri yaqinida davosi mavjud bo‘lmagan o‘ta xavfli Nipah virusi tarqalgani aniqlangandi.