Londonni titratgan 11 yoshli qizcha – Yasmina Husniddinova
Intervyu
−
01 aprel 48438 3 daqiqa
Toshkent shahridagi 1-sonli musiqa maktabida bugun katta sahnalarni zabt etayotgan kichik iste’dod tarbiyalanmoqda. Uning ismi – Yasmina Husniddinova. Yosh bo‘lishiga qaramay, u allaqachon xalqaro sahnalarda o‘z ovozi bilan e’tibor qozonishga ulgurgan. 11 yoshli bu qizaloqning ovozi Britaniya, Belarus hamda Italiyada hakamlarni hayratga soldi, ammo bu muvaffaqiyat ortida yillar davomida qilingan mehnat va ulkan orzular yotibdi.
Yasminaning onasi Xurshidabonu Xoliqovaning aytishicha, oilada san’atkorlar yo‘q – hamma huquqshunos va iqtisodchi. Ammo Yasminaning iqtidori erta payqalgan.

“U yetti yoshida mashinada ketayotganimizda, Lara Fabian va Selin Dionning qo‘shiqlarini xuddi o‘zidek qilib kuylardi. Biz uyda o‘zimizning talant shoularimizni o‘tkazardik. Yasmina har safar qo‘shiq aytishni tanlardi”, deya eslaydi qahramonimizning onasi.
Yasmina o‘zi haqida gapirganda juda samimiy. U hozircha o‘zbek va rus tillarini biladi, ingliz va fransuz tillarini o‘rganyapti. Selin Dion, Lara Fabian, Billi Aylish va Dimash Qudaybergan uning ideallari. Kelajakda shaxsiy albomini chiqarishni va “Grammy” sahnasida turishni orzu qiladi.
“U 7 yoshida maktabimizga kelganida ovozidagi tabiiy vibrato va tembr meni hayratda qoldirdi. Yasmina yangi ma’lumotlarni juda tez qabul qiladi. Biz 5 yildan beri birga ishlayapmiz”, deydi Yasminaning ustozi Madina Abdubekova uning ovozidagi o‘ziga xoslikni birinchi darsdayoq sezganini aytib.

Maktabda esa Yasmina mashhur yulduz emas, balki a’lochi va samimiy o‘quvchi. 51-son umumta’lim maktabining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sevara Xodiyeva uni shunday ta’riflaydi: “Yasmina fransuz tili va matematikani juda yaxshi ko‘radi. U qancha davlatlarni ko‘rmasin, qanchalik mashhur bo‘lmasin, o‘zgarmadi. Doim qo‘li ko‘ksida, odobli qiz”.
Sinfdoshlari ham Yasminani o‘ziga xos xislatlarini e’tirof etishdi. U nafaqat yaxshi qo‘shiqchi, balki matematika va ingliz tilidan ham sinfning yetakchilaridan. Hatto, bo‘sh vaqtlarida shaxmat o‘ynashda ham chempion akasidan qolishmaydi – “vilka” uslubida hujum qilish uning sevimli yurishi.
Yasminaning “Britain’s Got Talent”dagi ishtiroki kutilmagan, ammo haqqoniy natija bo‘lgan. Hammasi ustozi Ilhom Yo‘lchiyev (DJ Piligrim) ning yo‘naltiruvi va onasining anketani to‘ldirishidan boshlangan.
“Ochig‘i, u juda kichkina, hali tayyor emasmiz deb o‘ylagandik. Lekin ikki kundan keyin pochtamizga javob keldi”, deydi Xurshidabonu opa.
London. Ulkan stadion. Minglab odamlar. Yasmina bu manzarani shunday tasvirlaydi: “Men yoshligimdan bu shouni tomosha qilib, bir kun kelib shu sahnada turaman va butun dunyoga “Men O‘zbekistondanman” deb aytaman, deb orzu qilardim. O‘sha kuni orzularim ushaldi”, deydi Yasmina.
O‘zbekistondan ilk bor ishtirok etayotgan bu mitti yulduzga hakamlar hay’ati birvarakayiga to‘rtta “Ha” javobini bergan.

Hozirda Yasminaning efirlari davom etmoqda. Jonli efirlarda faqat Britaniya fuqarolari ovoz bera olsa-da, ijtimoiy tarmoqlardagi faollik hakamlar va tashkilotchilar uchun juda muhim. “Britain’s Got Talent” ning rasmiy YouTube sahifasida Yasminaning videosini ko‘rish, izohlar yozish va uning muxlislari ko‘pligini ko‘rsatish uning keyingi bosqichlarga o‘tishiga katta yordam beradi.