Maduroning o‘g‘li otasi 18 kishilik umumiy kamerada o‘tirganini aytdi
Olam
−
14 may 3883 2 daqiqa
Joriy yilning yanvar oyi boshida AQSHga o‘g‘irlab ketilgan Venesuelaning ag‘darilgan Prezidenti Nikolas Maduro Nyu-Yorkdagi “Metropolitan Detention Center” tergov hibsxonasida yakka tartibdagi kamerada emas, balki 18 kishilik umumiy kamerada saqlanmoqda. Bu haqda uning o‘g‘li Nikolas Maduro Gerra “Der Spiegel” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Kichik Maduroning so‘zlariga ko‘ra, otasi dastlab yolg‘iz o‘tirgan, biroq Pasxa bayrami arafasida uni umumiy xonaga o‘tkazishgan. Maduro hibsxonada muloqot tanqisligini sezmayapti – uning kameradoshlarining yarmi ispan tilida gaplashadi. Shuningdek, u har kuni uyiga qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatiga ega.
“Uni boshqa xonaga o‘tkazishganidan beri har kuni kechki soat yettilar atrofida qo‘ng‘iroq qiladi”, deydi Maduro Gerra.
O‘g‘ilning aytishicha, otasi bo‘sh vaqtida televizor ko‘radi, ingliz tilini o‘rganadi, Bibliya hamda Amazon orqali yuboriladigan kitoblarni ko‘p o‘qiydi. Ular orasida Venesuela Konstitutsiyasi, Simon Bolivar asarlari, metafizikaga oid qo‘llanmalar, Shekspir va Esxil asarlari bor. Maduro, shuningdek, o‘zining 20 yoshli nabirasi (u san’at fakultetida o‘qiydi) o‘rganayotgan adabiyotlarga ham qiziqish bildirmoqda. Oilaning asosiy xavotiri ovqatlanish bilan bog‘liq.
“Otam doim juda to‘g‘ri ovqatlanardi: ko‘p sabzavotlar, kam shakar. Hozir esa u asosan uglevodlar, qayta ishlangan mahsulotlar va juda ko‘p tuz iste’mol qilmoqda”, deya noligan Maduro Gerra.
Bundan tashqari, qo‘lga olish paytida amerikalik askarlar Maduroning tizzasini jarohatlagan, biroq hozirda og‘riq avvalgidek kuchli emas.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyi boshida AQSH Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazgan edi: atigi 2 soat 20 daqiqa ichida Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores “Delta Force” maxsus bo‘linmasi tomonidan qo‘lga olinib, Amerikaga olib ketilgan. Ularga nisbatan narkoterrorizm, qurol-yarog‘ni noqonuniy saqlash va giyohvand moddalar kontrandasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan.
Live
Barchasi