Kuba “Venesuela ssenariysi”ga tayyorgarlik ko‘ryapti – NYT
Olam
−
17 may 3405 2 daqiqa
AQSH Kuba Davlat kengashi va Vazirlar kengashining sobiq raisi (2008–2018) Raul Kastroni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “The New York Times” (NYT) nashri xabar berdi.
Gazetaning ma’lumotlariga ko‘ra, gap joriy yilning yanvar oyida AQSH maxsus kuchlari tomonidan Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning o‘g‘irlab ketilishi bilan bog‘liq ssenariyning takrorlanishi haqida borayotgan bo‘lishi mumkin.
“Reuters”ning xabar berishicha, Qo‘shma Shtatlar Raul Kastroga nisbatan ayblov e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Karakasda reyd o‘tkazish va Maduroni qo‘lga olish uchun aynan AQSHda unga qarshi ilgari surilgan ayblovlar bahona bo‘lgan edi.
Nashrning yozishicha, Kastroga nisbatan (Maduro ishida bo‘lgani kabi) narkotiklarning noqonuniy aylanishi, shuningdek, 1996 yil fevral oyida Kuba tomonidan “Aka-ukalar yordamga keladi” (Brothers to the Rescue) gumanitar tashkilotining ikkita yengil motorli samolyoti urib tushirilishi bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilishi mumkin. O‘sha davrda Raul Kastro Kuba mudofaa vaziri lavozimida bo‘lgan.
NYT’ning qayd etishicha, AQSH harbiylari Kubada reyd o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘ryaptimi-yo‘qmi, bunisi noma’lum, ustiga-ustak operatsiya yaqin orada amalga oshirilishi ehtimoli kam. Donald Tramp ma’muriyatining pozitsiyasidan xabardor bo‘lgan bir qator manbalarning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning yuqori martabali mulozimlari hech bo‘lmaganda “Venesuela ssenariysi”ni yana bir bor qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlashadi.
Tramp ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan boshqa manbalarning ta’kidlashicha, agar bunday variant yakunda ma’qullanmagan taqdirda ham, Kastroni qo‘lga olishga urinish tahdidining o‘zi Kuba hukumatiga bosim o‘tkazib, uni AQSH talablariga yon berishga majbur qiladi. Biroq ekspertlar bunday bo‘lmasligi mumkinligini taxmin qilmoqda. Vashingtonda joylashgan Amerika universiteti (American University) davlat boshqaruvi professori Uilyam Leogrande “kubaliklar orqaga chekinishni bilmaydi”, degan fikrda.
Ma’lumot uchun, Raul Kastro – Kuba inqilobi yetakchilaridan biri. U rasman hokimiyatdan ketgan bo‘lsa-da, hanuzgacha Kuba siyosatidagi eng nufuzli arboblardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda Kastroning sog‘lig‘i haqida hamma narsa ham ma’lum emas, lekin u zaiflashgan, qulog‘i yaxshi eshitmaydi, qiyinchilik bilan gapiradi va anchadan beri omma oldida chiqish qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Retkliff energetika inqirozi kuchayib borayotgan bir paytda Kubaga tashrif buyurgandi. U Gavanada Kuba Ichki ishlar vaziri Lazaro Alvares Kasas va mamlakat razvedka xizmati rahbari Raul Rodriges Kastro bilan uchrashgan.
Live
Barchasi