Ukrainada aholi soni keskin kamayib ketdi – OAV

Olam

image

Ukrainadagi mojaro boshlanganidan beri aholi soni keskin kamaydi. 2022 yil fevralidan buyon mamlakat aholisi 42 milliondan 36 millionga tushib ketdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ukrainaning to‘rt yilga yaqin davom etayotgan mojaro fonida aholi kamayishi jiddiy darajaga yetgan. Ukrainadagi Milliy fanlar akademiyasi Demografiya instituti ma’lumotiga ko‘ra, mojaro oldidan mamlakat aholisi 42 mln bo‘lgan, hozir esa 36 mlndan ham kam.

Ukraina hukumati hozirgi dinamikaga ko‘ra, 2040 yilga borib aholi 29 millionga tushib ketishi haqida ogohlantirmoqda.

AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining “Dunyo faktlar kitobi”ga ko‘ra, 2024 yilda Ukrainada tug‘ilish darajasi dunyoda eng past, o‘limlar esa eng yuqori bo‘lgan, har bir tug‘ilishga qariyb uchta o‘lim to‘g‘ri kelgan.

Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, erkaklarning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi mojarodan oldingi 65,2 yildan 2024 yilda 57,3 yilga tushgan. Ayollar orasida esa bu ko‘rsatkich 74,4 yildan 70,9 yilga kamaygan.

Ukraina iqtisodiy strategiya markazining 2025 yil mart oyidagi xabarida aytilishicha, 2022 yildan keyingi davrda mamlakatni tark etgan 5,2 million ukrainalik xorijda – asosan Rossiya, Germaniya va Polshada qolib ketgan.

Tahlil markazi prognoziga ko‘ra, 1,7–2,7 million odam doimiy ravishda chet elda qoladi, mojaro tugagach esa yana yuz minglab erkaklar mamlakatdan ketishi mumkin.

Demograflarning aytishicha, 2022 yildan buyon Ukrainadan ketayotganlar orasida yosh ayollar soni juda ko‘p bo‘lgani demografik inqirozni yanada kuchaytirmoqda.

Ukraina Milliy fanlar akademiyasi prognoziga ko‘ra, 2051 yilga borib aholi soni 25 mlnga tushadi.

BMTning 2024 yilda e’lon qilingan prognozida esa 2100 yilga kelib Ukraina aholisi 9–23 mln oralig‘iga tushib ketishi mumkinligi aytiladi. 

Ukraina axborot agentligi xabarida aytilishicha, 2025 yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra, yashash joyini rasmiy ro‘yxatga olgan aholining soni 28,7 million bo‘lgan.

RBK Ukraina esa Xalqaro valyuta jamg‘armasiga tayangan holda, 2024 yilda aholining 33,3 millionga tushganini ma’lum qilgan. 

BMTning 2024 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, 2014 yildan 2024 yilgacha Ukraina aholisi 10 milliondan kamaygan, shundan 8 millioni mojaro, ya’ni 2022 yildan keyingi davrga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada 18 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga urush holati sharoitida ham chet elga erkin chiqishga ruxsat berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing