Makron Yevropani Putin bilan gaplashishni boshlashga chaqirdi
Olam
−
19 dekabr 3206 2 daqiqa
Bugun, 19 dekabr kuni Bryusselda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar formatini qayta tiklash Yevropa manfaatlariga mos kelishini aytdi. Ushbu bayonot Yevropa Ittifoqi sammitida Rossiya aktivlarini musodara qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmaganidan so‘ng yangradi.
Makron Yevropa davlatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni qayta yo‘lga qo‘yish yo‘llarini topishi zarurligini aytgan. Uning fikricha, Moskva bilan muzokaralar uchun maqbul formatni belgilash Yevropa mamlakatlari manfaatlariga javob beradi.
“Yo mavjud muzokaralar doirasida uzoq muddatli tinchlikka erishiladi, yo biz – yevropaliklar Rossiya bilan ochiq muloqotni Ukraina bilan hamkorlikda qayta boshlash yo‘llarini topishimiz kerak”, dedi Makron.
Fransiya Prezidenti Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon orqali aloqada bo‘lib kelayotgan kam sonli Yevropa yetakchilaridan biri hisoblanadi. Ular o‘rtasidagi so‘nggi suhbat joriy yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan.
Makronning ta’kidlashicha, Vladimir Putin bilan yana muloqot qilish foydali bo‘lishi mumkin. Aks holda, Yevropa yetakchilari o‘zaro hamda AQSH vakillari bilan maslahatlashishga majbur bo‘ladi, ular esa vaziyatni Moskva bilan mustaqil muhokama qilishi mumkin. Fransiya Prezidentiga ko‘ra, bunday ssenariy “ideal emas”.
Makronning mazkur bayonotlari Yevropa Ittifoqi yetakchilari o‘rtasida taxminan 16 soat davom etgan muzokaralar yakunlanganidan bir necha soat o‘tib aytildi. Sammit davomida Rossiya Markaziy bankiga tegishli bo‘lgan taxminan 200 milliard yevro miqdoridagi muzlatilgan aktivlarning kelajagi muhokama qilingan, ammo ularni to‘liq musodara qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Yevropa Ittifoqi sammiti yakunlariga ko‘ra, Ukrainaga qarz jalb qilish orqali va Rossiya suveren aktivlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanmasdan moliyalashtiriladigan 90 milliard yevro miqdorida foizsiz kredit ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Germaniya kansleri Fridrix Mersning ta’kidlashicha, Ukraina mazkur kreditni faqat Rossiya reparatsiya to‘lagan taqdirdagina qaytarishi kerak. Shu bilan birga, u agar Moskva reparatsiya to‘lamasa, Yevropa Ittifoqi bloklangan Rossiya aktivlaridan kreditni qoplash uchun foydalanish huquqini saqlab qolishini bildirdi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr