Malida jangarilar kamida 30 kishini o‘ldirdi
Olam
−
08 may 1166 2 daqiqa
Joriy yilning 6 may kuni Mali poytaxti Bamako shahridagi qishloqlarga uyushtirilgan terroristik hujum oqibatida o‘nlab insonlar xalok bo‘ldi. Hujum poytaxt markazidagi 2 yirik qishloqda amalga oshirilgan. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurollangan shaxslar Mopti rayonidagi Korikori va Gomossogou qishloqlariga bostirib kirgan. Hodisa oqibatida 30 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan, o‘nlab insonlar jarohatlangan.
“Reuters”ga ko‘ra hududga uyushtirilgan yana bir hujumdan so‘ng qurbonlar soni 50 kishiga yetgan bo‘lishi mumkin. Qurolli hujumni “Al-Qoida”ga aloqador JNIM terroristik guruhi o‘z zimmasiga olgani aytilmoqda.
Hukumat qurolli bosqinni bostirish uchun hududga Mali armiyasining maxsus askarlar otryadini yuborgan. Armiyaning bildirishicha, hujumni bostirish muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va o‘ndan ortiq terrorchilar qurolsizlantirilib, qo‘lga olingan.
“Terrorchi guruh a’zolari 6 may kuni kechqurun qishloqlarga bostirib kirgan. Bosqin hududda so‘nggi oylarda terroristik harakatlarga qarshi kurashib kelayotgan Dan Na Ambassagou xavfsizlik kuchlari otryadini yo‘q qilish uchun amalga oshirilgan bo‘lish mumkin. Terroristlar o‘nlab insonlarni o‘qqa tutib, tinch aholining mol-mulkini talon-toroj qilgan. Bir nechta uylar yoqib yuborilgan. Hozircha qancha tinch aholi halok bo‘lgani aniq emas. Qurbonlarning ko‘pchiligi politsiya xodimlari bo‘lgan, ammo ayollar va bolalar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. O‘nlab insonlar bosqinchilardan qochib, bedarak yo‘qolgan”, deyiladi Mali armiyasi axborotida.
Biroq xavfsizlik kuchlarining ta’kidlashicha mamlakatning turli qismlarida fuqarolarning xavfsizligi hamon jiddiyligicha qolmoqda. Terrorchilar mintaqaning chekka hududlariga yoki qo‘shni davlatlarga qochib, yollanma askarlari yordamida yana bosqin uyushtirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malida rossiyalik askarlar isyonchilar bilan to‘qnashishi oqibatida bir necha kishi halok bo‘lganligi haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi