Dubay amirining tanishi 50 mln yevro evaziga ozod qilindi
Olam
−
05 noyabr 8789 2 daqiqa
Joriy yilning 22 sentyabr kuni Afrikaning Mali davlatida o‘g‘irlab ketilgan iste’fodagi general, Dubay hukmron oilasi vakili Ahmad bin Maxtum bin Juma Ol Maxtum 50 mln yevro evaziga ozod qilindi. Bu haqda “Sahara Media” nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u bilan birga yana Eron fuqarosi ham ozod qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, garovdagilar 50 million yevro tovon to‘langach qo‘yib yuborilgan. Mablag‘ni Birlashgan Arab Amirliklari to‘lab bergan.
Afrika OAVga ko‘ra, general Al Maxtum Mali hududida fermer xo‘jaligiga ega bo‘lgan va o‘sha yerda yashab kelgan. U va yana bir BAA fuqarosi hamda eronlik shaxs 22 sentyabr kuni Bamako yaqinidagi Sanankoroba shahri atrofida jangarilar tomonidan olib ketilgan.
Ozod qilish bo‘yicha muzokaralar “Aza vad” xalqining vakillari – Muhammad al-Maxri va Sayyid Ahmad az-Zumayli ishtirokida olib borilgan. O‘g‘irlashni “Al-Qoida”ga aloqador “Jamoat nusratul-islom val-muslimin” (JNIM) guruhi amalga oshirgan.
So‘nggi oylar ichida JNIM yoqilg‘i tashuvchi mashinalarga hujum qilib, mamlakatda benzin taqchilligi, Bamako shahrida yoqilg‘i narxining besh baravar oshishi va elektr ta’minotidagi muammolarga sabab bo‘lgan. AQSH, Italiya va Germaniya o‘z fuqarolariga Malini zudlik bilan tark etishni tavsiya qilgan.
Mutaxassislarning fikricha, katta miqdordagi tovon pullari guruhlar faoliyatini kuchaytirib, Mali, Burkina-Faso va Nigerda xorijliklarni o‘g‘irlash holatlarini yanada ko‘paytirishi mumkin.
Live
Barchasi