Malida jangarilar tiktoker qizni qatl etdi

Olam

image

Malida “Jamoat nusrat al-islom val-muslimin” (JNIM) terror guruhi a’zolari mashhur tiktoker, Mali armiyasini jangarilarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlab keluvchi Mariyam Sisseni o‘g‘irlab ketib, namoyishkorona qatl etdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 7 noyabr kuni qurollangan odamlar guruhi uni Eshel qishlog‘i bozori hududida qo‘lga olgan, u bu vaqtda navbatdagi rolikni suratga olayotgan bo‘lgan. Keyingi kuni kechqurun esa uni Nije daryosi sohilidagi Tonka shahri markaziy maydoniga olib kelishgan va odamlar ko‘z o‘ngida otib tashlashgan.

Sissega oldindan tahdidlar bo‘lib kelgan. Guruh qotillik uchun javobgarlikni rasman o‘z zimmasiga olmadi, ammo uning ushbu jinoyatga aloqadorligiga hech qanday shubha yo‘q. JNIM Tonka shahri va uning atrofidagi hududlarda faol harakatlanadi. Mali armiyasining bu yerga eng yaqin bazasi esa 30 kilometr masofada joylashgan. Harbiylar shaharga yetib kelganida jangarilar allaqachon Sisseni o‘ldirgan va yashiringan.

Mariyam Sisse o‘z TikTok sahifasida Mali shahri shimoliy qismida, daryo bo‘yida joylashgan ona shahri Tonkaning kundalik turmush tarzini tasvirlab kelardi. Bu mintaqada o‘n yildan oshiq vaqtdan beri hukumat kuchlari hamda JNIM guruhi jangarilari o‘rtasida urush ketmoqda – bu “Al-Qoida” va ISHIDning mahalliy bo‘limi hisoblanadi.

O‘tgan yillar mobaynida Malidagi urushga Fransiya va BMT tinchlikparvar kuchlari aralashgan, ammo ulardan hech biri jangarilar bosqinini to‘xtata olmagan. 2020 yilda Malida hokimiyat harbiy to‘ntarish orqali Assimi Goita boshchiligidagi xunta qo‘liga o‘tgan. Yangi hukumat G‘arb (birinchi navbatda, fransuzlar) bilan hamkorlik qilishdan voz kechgan va Rossiya bilan iqtisodiy-harbiy aloqalarni yo‘lga qo‘ya boshlagan. Ma’lum muddat jangarilarga qarshi harbiy harakatlarda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ham ishtirok etgan. Ammo 2025 yil iyunda vagnerchilar “asosiy vazifa bajarilgani – barcha regional markazlar qonuniy hukumat nazoratiga qaytgani”ni ro‘kach qilib, mamlakatni tark etgan.

Sentyabr oyiga kelib esa JNIM jangarilari Malini qo‘shni davlatlar – Kot-d’Ivuar, Mavritaniya va Senegal bilan bog‘lovchi muhim transport yo‘nalishlari ustidan nazoratni qo‘lga olgan. Ular benzin tashuvchi mashinalarni egallab oldi va yoqib yubordi, natijada mamlakatda inqiroz yuz bergan: yoqilg‘i yetishmovchiligi tufayli transport harakati deyarli to‘liq to‘xtadi, o‘quv muassasalari yopildi, mahsulotlar narxlari ko‘tarildi, elektr yo‘qligi tufayli shifoxonalar faoliyatida muammolar yuzaga keldi. Mali poytaxti Bamako esa amalda qamal holatida qoldi. Shahar yoqilishi deyarli muqarrar. Bu ro‘y bersa, Mali “Al-Qoida” (JNIM o‘zini ushbu guruhning Malidagi filiali deb atagan) nazorati ostiga o‘tgan ilk davlatga aylanadi.

AQSH, Fransiya, Germaniya va Italiya allaqachon o‘z fuqarolarini Malini zudlik bilan tark etishga chaqirib, rasmiy tavsiyanomalar chiqargan, ulardan mamlakatdan havo orqali chiqib ketish so‘ralmoqda: fuqarolar Bamako atrofidagi yo‘llarda harakatlanish o‘ta xavfli ekanidan ogohlantirilgan.

So‘nggi hftaning o‘zida Malida besh nafar hindistonlik va uch nafar misrlik o‘g‘irlab ketilgan. Ikkinchi holatda JNIM besh million dollar miqdorda tovon puli talab qilgan.

Mamlakatda hokimiyatni kuch bilan egallab olgan va Rossiya yordamida jangarilarni yengishni va’da qilgan Mali armiyasi esa bugungi kunda faqat bir nechta yirik shaharni qiyinchilik bilan ushlab turibdi. Hukumat harbiylari benzin tashuvchi mashinalarni qo‘riqlab bormoqda, ammo jangarilar baribir yoqilg‘i tashuviga to‘sqinlik qilmoqda.

JNIM a’zolari soni olti-yetti ming kishiga baholanadi, shunday ekan, guruh amalda Malining shimoliy va markaziy qismlaridagi katta hududlarni uzoq vaqt davomida ushlab tura olmaydi, ayni vaqtda ular bu hududlardan hukumat armiyasini quvib chiqqan. Natijada Malining katta qismida anarxiya hukm surmoqda: hech bir guruhda mustahkam hokimiyat o‘rnatish uchun yetarli kuch mavjud emas.

Malida 2012 yildan buyon davom etayotgan fuqarolik urushi oqibatida o‘n minglab kishilar halok bo‘lgani aytilmoqda – bu borada aniq ma’lumot yo‘q. 600 mingga yaqin kishi boshpanadan mahrum bo‘lgan. Mamlakat aholisi 25 million kishi atrofida va ularning barchasi doimiy inqiroz va doimiy halokat xavfi ostida yashaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonda jangarilar avtobusga hujum uyushtirib, 9 kishini o‘ldirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Mali Mariyam Sisse JNIM

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing