“Manchester Yunayted” yangi stadion qurmoqchi
Sport
−
16 Oktabr 3120 1 daqiqa
Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi yangi stadion qurish borasida jiddiy qadam tashlamoqda. Klub 2006 yilda so‘nggi bor ta’mirlangan “Old Trafford”dan voz kechib, “Shimoliy Uembli” deb ataluvchi yangi arenani barpo etish niyatida. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, yangi stadion “Freightliner” kompaniyasiga tegishli yer maydonida quriladi. “Manchester Yunayted” ushbu yer uchun kompaniya so‘rayotgan 460 million yevroga nisbatan 57,5 million yevroga ko‘proq taklif bergan. Tomonlar hozirda kelishuvga juda yaqinlashgani aytilmoqda.
“Manchester Yunayted” yangi stadion uchun 2,4 milliard yevro sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Qurilish tugagach, 100 ming tomoshabinga mo‘ljallangan, zamonaviy, yopiq stadion 2030-2031 yilgi mavsumda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
“Manchester Yunayted” egasi, britaniyalik milliarder Ser Jeyms Retkliff yangi inshootni “aql bovar qilmaydigan va ramziy loyiha” deb atagan. U, shuningdek, bu stadionni Shimolning Uemblisi sifatida ta’riflagan.
Ma’lumot uchun, “Manchester Yunayted”ning yangi arena loyihasi taniqli arxitektor Norman Foster tomonidan ishlab chiqilgan. Foster ilgari “Uembli”, “Etihad” va “Kamp Nou” kabi stadionlar bilan ishlagan arxitektor sifatida tanilgan.