Markaziy Osiyo davlatlari diplomlarni o‘zaro tan olishi mumkin
Jamiyat
−
20 noyabr 4179 1 daqiqa
Qozog‘iston hukumati joriy yilning 12 noyabr kuni “Qozog‘iston Respublikasi hukumati, Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Tojikiston Respublikasi hukumati, Turkmaniston hukumati va O‘zbekiston Respublikasi hukumati o‘rtasida oliy ta’lim hujjatlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim”ni tasdiqlovchi qarorni imzoladi. Bu haqdagi loyiha Qozog‘iston hukumati tomonidan e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, qarorda kelishuvga a’zo barcha tomonlar Markaziy Osiyoning besh respublikasidan istalgan birida akkreditatsiyadan o‘tgan va qonuniy faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan diplomlarni tan olishi belgilangan.
Mazkur diplomlarni tan olish boshqa Markaziy Osiyo davlatida ishga kirish uchun ariza topshirishda, shuningdek, amaliyot o‘tash yoki uzluksiz ta’limni davom ettirish jarayonida qo‘llaniladi.
Shuningdek, hujjatda mutaxassislik malakalari oliy ta’lim tizimining umumiy talablariga mos kelishi lozimligi qayd etilgan. Agar talablar orasida jiddiy farqlar aniqlansa, boshqa davlatning diplomi tan olinmasligi mumkin.
Qarorda qo‘shimcha shartlar ham ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston mintaqadagi istalgan oliy ta’lim muassasasining diplomini tan olishga rozi bo‘lgan. Qozog‘iston esa faqat jahonning eng yaxshi 1000 talikka kirgan universitetlar diplomi tan olinishi shartini qo‘ygan.
Komila Qobilova
Live
Barchasi