Markaziy Osiyo va Italiya yetakchilari nimalarga kelishib oldi?

Olam

image

Bugun, 30 may kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi va sammit yakunlari bo‘yicha Qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi. Hujjat matni Oqo‘rda saytida e’lon qilindi.

Hujjatda qayd etilishicha, yetakchilar 2024 yilda Rim shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Italiya” formatidagi uchinchi vazirlar konferensiyasi natijalaridan so‘ng qo‘lga kiritilgan taraqqiyotni qayd etdi hamda o‘zaro qadriyatlar, o‘zaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan sheriklikni mustahkamlashga sodiq ekanini tasdiqladi. Markaziy Osiyo davlatlari va Italiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik va Yevroparlament, shuningdek, boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasidagi aloqalar kengayib borayotgani ta’kidlangan.

Shuningdek, Italiya hukumati rahbari Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Bu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, ko‘p tomonlama hamkorlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish va umumiy tahdidlarga javob berishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Yetakchilar 2025 yil 13 mart kuni Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Davlat chegarasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini hamda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida davlat chegaralari tutash nuqtasi bo‘yicha kelishuvni olqishlab, bu holat mintaqada tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Sammit Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalar faollashuvini olqishladi. Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha Strategiyasi va 2023 yilda ishlab chiqilgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi” aloqalarni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. 2025 yil 27 mart kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” 20-vazirlar uchrashuvi hamda 2025 yil 3–4 aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ilk Sammiti strategik sheriklik darajasini ko‘tarib, aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lgani ta’kidlandi.

Shuningdek, yetakchilar BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasidagi hamkorlikni yuqori baholab, Italiyaning mintaqadagi xavfsizlik, ekologiya va infratuzilma sohalaridagi tashabbuslari, hamkorlik va innovatsiyalarga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.

Barcha davlatlar yetakchilari tinchlik, xavfsizlik, demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi hamda barqaror rivojlanish sohalarida hamkorlik qilish niyatini bildirdi. Yetakchilar BMT Nizomining tamoyillariga – davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish, kuch ishlatish yoki tahdid qilishdan voz kechish va xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqladi.

“Afrika qit’asida barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida Italiyaning Mattey rejasi doirasidagi strategik yondashuviga muvofiq hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilishga tayyorlik bildirildi”, deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, global xavf-xatarlarga qarshi kurashishning muhimligi ta’kidlandi. Xususan, iqlim o‘zgarishi, terrorizm, kibertahdidlar, ekstremizm, noqonuniy migratsiya, narkotiklar, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari (jumladan, fentanil) savdosiga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligini kuchaytirish, ekstremizmning oldini olish, deradikalizatsiya choralari va axborot almashinuvi, tajriba, bilim va malaka oshirish kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi.

“Markaziy Osiyo va Italiya o‘rtasida iqtisodiy aloqalar barqaror o‘sib borayotgani qayd etildi va savdo-iqtisodiy munosabatlar, investitsiyalar va kichik hamda o‘rta biznesni rivojlantirishda hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqlik bildirildi.

Nafaqat tabiiy resurslar, balki iqlim, energetika (shu jumladan qayta tiklanuvchi manbalar – quyosh, shamol, gidroenergetika va h.k.), muhim xom ashyolar, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma va Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” strategiyasi doirasida hamkorlikni kuchaytirish choralari muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Orol dengizi inqirozi, muzliklarning erishi, tog‘li hududlarni barqaror rivojlantirish, suv resurslari bo‘yicha samarali texnologiyalarni joriy qilish sohalaridagi tashabbuslar hamda Italiyaning ekologiya sohasidagi loyihalardagi ishtiroki olqishlandi. Markaziy Osiyo davlatlarining qayta tiklanuvchi energetika va vodorod ishlab chiqarish sohasidagi salohiyati e’tirof etildi.

Bundan tashqari, Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Italiya temiryo‘l va logistika kompaniyalari mazkur sohadagi loyihalarda ishtirok etishga chorlandi. Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” strategiyasi doirasida Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini rivoji umumiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

“Kritik xomashyoni qazib olish va qayta ishlash bilan bog‘liq masalalarga yechim topish, qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish orqali barqaror iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish maqsadida o‘zaro foydali hamkorlik yo‘llari izlashga kelishib olindi.

Yirik infratuzilma va sanoat loyihalarining iqtisodiy, ekologik va shaharsozlik ta’sirini inobatga olgan holda, aholi hayoti sifatini yaxshilash va barqaror o‘sishni ta’minlash muhimligi qayd etildi”, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, ilmiy-texnikaviy bilim almashinuvi, muassasaviy hamkorlik bo‘yicha qator tashabbuslar ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Jumladan, 2026 yilgacha “Markaziy Osiyo – Italiya” formatida suv resurslari bo‘yicha davra suhbati hamda 2027 yilda energetika sohasida, xususan, barqaror energiya ishlab chiqarish va uning samaradorligini oshirish texnologiyalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkazish taklif qilindi.

Energetika, suv, barqaror qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va o‘zaro bog‘liqlik sohalarida bilim almashuv platformalarini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu ma’noda, olti davlat o‘rtasidagi bilim almashuv tarmog‘i shakllantirilishi olqishlandi. Italiyaning texnologiyaviy dasturlardagi ishtiroki mintaqaviy innovatsiya va hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil sifatida qayd etildi.

“Migratsiya, texnik va kasbiy ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Ilmiy-tadqiqot, akademik almashinuv, turizm, yoshlar almashinuvi, insonparvarlik aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom ettirilishi qayd etildi”, deyiladi hujjatda.

Kelgusi “Markaziy Osiyo – Italiya” sammitini 2027 yilda Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazish taklifi hamda 2026 yil bahorida Italiyada to‘rtinchi tashqi ishlar vazirlari konferensiyasini o‘tkazish taklifi ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev raisligida o‘tkazilgan tadbirda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy Osiyo – Italiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing