Mbappe PSJdan 55 mln yevro talab qilmoqda
Sport
−
17 noyabr 2565 2 daqiqa
Kilian Mbappe sobiq jamoasi PSJda qolib ketgan bonus pullarini olish uchun sudga murojaat qildi. Fransiyaning Prud’hommes Kengashida bo‘lib o‘tgan tinglovda hujumchining advokatlari klubdan 55 million yevro miqdoridagi to‘lanmagan maosh va bonuslarni undirishni talab qildi. Bu haqda “diaro as” nashri xabar berdi.
Shuningdek, ular Mbappening 2022 yildagi shartnomasini vaqtinchalik emas, balki doimiy mehnat shartnomasi sifatida qayta tasniflashni so‘ramoqda.
Nizo 2023 yil yozida boshlangan. Mbappe klubga 2024 yilda shartnomani uzaytirmasligini rasmiy maktub orqali bildirganidan so‘ng, PSJ uni mavsumoldi yig‘inidan chetlatgan va bir muddat zaxira jamoa mashg‘ulotlariga yuborgan. Shu orada futbolchi va prezident Nasser Al-Xelaifi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan va xabarlarga ko‘ra, agar Mbappe shartnomani uzaytirmasdan klubni tark etsa, 55 million yevroga teng bonuslardan voz kechishi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishilgan.
Mbappe tomoni bu kelishuv bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Advokatlar hatto may oyida PSJning ushbu mablag‘larni ishlatishini vaqtinchalik to‘xtatishga erishgan, ammo sud keyinchalik bu chorani bekor qilgan.
Fransiya mehnat kodeksi bunday holatlarda o‘yinchi foydasiga qaror chiqarishni nazarda tutadi. Bir necha oy avval Adriyen Rabio ham PSJ bilan shunga o‘xshash nizo bo‘yicha g‘alaba qozongan edi. Sud klubning vaqtinchalik shartnoma bo‘shliqlaridan noqonuniy foydalanganini tasdiqlagan.
Agar sud Mbappening shartnomasini doimiy deb tan olsa, u hozir talab qilayotgan summadan ko‘proq tovon puli olish huquqiga ega bo‘ladi va 55 million yevrolik bonuslar masalasi futbolchi foydasiga hal bo‘lish ehtimoli oshadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kilian Mbappe 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida Ukrainaga qarshi bahsda faoliyatidagi 400-golni urgan edi.
Live
Barchasi