Meksika Isroil elchisiga nisbatan suiqasdning oldini oldi – OAV
Olam
−
07 noyabr 2657 1 daqiqa
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (EIIQK) Meksikadagi Isroil elchisi Eynat Krans Naygerga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan, biroq bu urinishni Meksika xavfsizlik xizmati joriy yilning yozida fosh etib, oldini olgan. Bu haqda AQSH va Isroil rasmiylariga tayanib, “Axios” nashrining jurnalisti Barak Ravid xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, bu operatsiyani EIIQK tarkibidagi “11000-bo‘linma” tayyorlagan. Aynan shu bo‘linma so‘nggi oylar ichida Avstraliya va Yevropada yahudiylar hamda isroilliklarga qarshi hujumlar uyushtirishga uringan, degan taxminlar mavjud.
Tayyorlov ishlari 2024 yil oxirida boshlangan va Venesueladagi Eron elchixonasi orqali bir necha yil davomida Eron agentlarini Lotin Amerikasida yollash bilan shug‘ullangan bo‘linma a’zosi tomonidan amalga oshirilgan.
“Ushbu “elchini o‘ldirish fitnasi” 2025 yilning birinchi yarmida faol bo‘lgan, biroq yoz oylarida uning oldi olindi. Hozircha xavf yo‘q, fitna to‘liq bartaraf etilgan”, deydi AQSH rasmiysi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi vakili Omer Marmorshteyn X orqali Meksika xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish idoralariga minnatdorlik bildirgan.
Live
Barchasi