Meksikada 14 kun suv bosgan konda yashagan erkak omon qoldi
Olam
−
09 aprel 2617 2 daqiqa
Kecha, 8 aprel kuni Meksika havfsizlik kuchlari g‘avvoslari mamlakatning shimoliy qismida joylashgan Sinaloa shtatidagi oltin konida 2 hafta qolib ketgan Fransisko Sapata Naxerani qutqarib oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 25 mart kuni Sinaloadagi oltin konida chiqindilar saqlanadigan to‘g‘on yorilishi ortidan baxtsiz hodisa kelib chiqqan. To‘g‘on yorilganda kon ichida 25 nafar konchi bo‘lgan. Ulardan 21 nafari g‘ordan chiqishga erishgan. Qolgan 4 nafari esa kon ichida qamalib qolgan. Shu jumladan, 42 yoshli konchi Fransisko Sapata ham axlat va suv ostidagi qorong‘u g‘orda – 300 metr chuqurlikda 14 kun davomida jon saqlab qolgan.
Kecha, 8 aprel kuni 300 soatdan ortiq davom etgan qidiruvdan so‘ng g‘avvoslar nihoyat Sapata o‘z joylashuvi haqida ogohlantirish uchun yoqib-o‘chirgan mash’ala chirog‘ining miltillashini payqagan va uni qutqarib olgan.
Qutqaruv jarayonidan e’lon qilingan videoda konchining beligacha suvga botganini, qutqaruvchilarga u hech qachon ulardan umidini uzmagani va ishonchini yo‘qotmaganini aytganini ko‘rish mumkin.
U turgan joyga olib boruvchi tunnel suv ostida qolgani sababli g‘avvoslar uni darhol chiqarib ololmagan. Shu tufayli, qutqaruv jarayoni 20 soat davom etgan. Qutqaruvchilar suv bosgan tunnellardagi suv sathini pasaytirish uchun nasoslardan foydalanganidan so‘ng nihoyat Sapata yorug‘likka chiqarilgan.
Uning qorong‘u va zax bosgan chuqurlikda qanday qilib 2 hafta davomida omon qolgani hali ochiqlanmagan. Qolaversa, g‘avvoslar fojiadan 5 kun o‘tib yana bir mahalliy konchi Xose Aleksandro ham qutqarib qolishga erishgan. Shunga qaramay, fojia oqibatida bir konchining jasadi topilgan. So‘nggi konchini qidirish ishlari hanuzgacha davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kamchatkada ikki oy dengizda qolib ketgan erkak qutqarilgani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi18 aprel