Ronaldu sabab Portugaliya o‘yini uchun chipta narxlari pasayib ketdi
Sport
−
25 mart 19268 2 daqiqa
Portugaliya terma jamoasining Meksikaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi uchun chiptalar narxi Krishtianu Ronalduning o‘yinda ishtirok etmasligi sabab keskin pasayib ketdi. Bu haqda “El Pais” xabar berdi.
Uchrashuv Meksika shahridagi yangilangan “Asteka” stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur o‘yin dastlab katta qiziqish uyg‘otgan edi, chunki asosiy e’tibor aynan Ronalduga qaratilgandi. Biroq Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines futbolchini jarohati sabab tarkibga kiritmadi. Shu qaror muxlislar va chiptalarni qimmat narxda sotib olganlar orasida norozilikka sabab bo‘ldi.
Dastlab chiptalar savdosi yuqori talab tufayli muammolar yuzaga kelgan edi. Rasmiy savdo hamkori bo‘lgan platforma orqali sotuvlar boshlangach, ko‘plab muxlislar tizimdagi nosozliklar va sun’iy navbatlardan shikoyat qilgan. Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda chiptalar narxi 500 dollargacha ko‘tarilib ketgan.
Biroq Ronalduning o‘ynamasligi ma’lum bo‘lgach, vaziyat keskin o‘zgardi. Qayta sotuv bozorida chiptalar narxi tushib ketdi. Hozirda ayrim platformalarda eng arzon chiptalar 146 dollar atrofida taklif qilinmoqda.
Ayrim manbalarga ko‘ra, Portugaliya futbol federatsiyasi Ronalduning jarohati sabab million yevro miqdoridagi bonusdan mahrum bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Portugaliya joriy yilning 28 mart kuni Meksikaga va 31 mart kuni AQSHga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazishi rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliya terma jamoasi Jahon chempionatida O‘zbekiston bilan birga “K” guruhidan o‘rin olgan.
Live
Barchasi