Men Ispaniya terma jamoasida o‘ynashim mumkin edi – Messi
Sport
−
27 fevral 1028 2 daqiqa
“Inter Mayami” va Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi bir vaqtlar milliy miqyosda Ispaniya terma jamoasi safida to‘p surish imkoniyati bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Miro De Atras” dasturidagi suhbat chog‘ida ma’lum qildi.
“Bir paytlar shunday imkoniyat paydo bo‘lgan edi. Men allaqachon “Barselona”da o‘ynardim va ular menga Ispaniya terma jamoasida o‘ynashni taklif qildi. Bu odatiy hol ekanini, ko‘pchilik futbolchilar bilan shunday vaziyat yuz berishini aytishdi. Men argentinalikman, ammo “Barselona”ga juda erta ko‘chib o‘tganman va mashg‘ulotlarimning asosiy qismini ularning akademiyasida o‘tkazganman, shuning uchun bu imkoniyat haqiqatan ham mavjud edi. Lekin yo‘q – yuragim doim Argentina bilan bo‘lgan”, deydi Messi.
Ma’lumot uchun, Lionel Messi Argentina terma jamoasi safidagi debyutini 2005 yil 17 avgust kuni Vengriya terma jamoasiga qarshi uchrashuvda o‘tkazgan. U 64-daqiqada maydonga tushgan, biroq oradan bir daqiqa o‘tib raqib futbolchisiga nisbatan qo‘pollik ishlatgani sabab qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan.
Muvaffaqiyatsiz startiga qaramay, Messi terma jamoa safida 196 ta uchrashuvda maydonga tushib, 115 ta gol urdi. Uning yutuqlari qatorida ikki marta Amerika Kubogida g‘alaba va 2022 yilgi Jahon chempionati chempionligi bor. Shuningdek, Messi futbol tarixida eng ko‘p sovrin yutgan futbolchi hisoblanadi. Bu borada ikkinchi o‘rinni professional faoliyatini yakunlagan braziliyalik himoyachi Dani Alves (43 ta sovrin) egallab turibdi.
Argentina terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida Jazoir, Avstriya va Iordaniya bilan birga “J” guruhidan o‘rin olgan.
Live
Barchasi