“Milliy tiklanish” partiyasi rus amaldorlarini “qora ro‘yxat”ga “tiqmoqchi” (video)

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov Parlamentga istalmagan shaxslar ro‘yxatini kiritishga va’da berdi. Bu haqda u bugun, 16 yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashayotgan ayrim xorijlik propagandist “aqllilar”ning mamlakatga kirishini cheklash masalasi ko‘tarildi. 

“Andishani otini qo‘rqoq deb qo‘yish degan maqol bor-ku, O‘zbekistonni  bag‘ri kengligini, O‘zbekistonni tinchlikparvar siyosatini o‘zicha talqin qilayotgan ayrim kuchlarga endi sal keskinroq qarash vaqti keldi deb o‘ylayman”, deydi Alisher Qodirov.

QALAMPIR.UZ jurnalisti so‘nggi yillarda xorijda, xususan Rossiyada, o‘zbekistonliklarga nisbatan tahqirlash va bosim holatlari kuzatilayotgani va bunga javoban aytarli hech qanday amaliy chora ko‘rilmayotgani yuzasidan, “Bu kabi vaziyatlarni nazorat qilishni partiyalar zimmasiga olib, nomaqbul shaxslar ro‘yxatini Parlamentga kiritadimi?”, degan taklifli savol bilan murojaat qildi.

Deputat bunga javoban, bu masala bo‘yicha “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi shug‘ullanmasa, boshqa hech kim shug‘ullanmasligini aytdi. 

“Biz shug‘ullanamiz, chunki oxirgi marta mana bu Solovyov gapirib chiqqandan keyin, endi biz shug‘ullanmasak, boshqa hech kim shug‘ullanmas ekan, degan xulosaga kelib bo‘ldik. Bu bilan jiddiy shug‘ullanmoqchimiz. Shu ro‘yxatni kiritib, Tashqi ishlar vazirligi bilan muhokama qilamiz. Natijasi uchun albatta va’da bera olmayman, chunki qaror masalasi bor. Lekin taklif berish va tashabbus ko‘rsatish masalasini o‘rnatamiz”, dedi Qodirov

Eslatib o‘tamiz, amaldagi qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi hamda O‘zbekiston xalqining sha’nini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan yoxud harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari (yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar) mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb hisoblanadi va ularning mamlakatga kirishi taqiqlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Alisher Qodirov propagandist

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing