Minglab Airbus samolyotlarida nosozlik aniqlandi
Olam
−
29 noyabr 3523 1 daqiqa
Minglab Airbus samolyotlaridagi asbob-uskunalarda nosozlik aniqlandi va bu holat parvozlar jadvalida uzilishlar hamda reyslar bekor bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Yevropa aviatsiya ishlab chiqaruvchisi kuchli quyosh nurlanishi samolyotni boshqarish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni buzib yuborayotganini aytmoqda. Muammo joriy yilning 30 oktyabr kuni AQSHning Florida shtatida, Jet Blue aviakompaniyasiga tegishli A320 samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng aniqlangan. O‘shanda u balandlikni keskin yo‘qota boshlagan va majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. Kamida 15 kishi jarohat olgan.
Muammo eng mashhur model – A320, shuningdek A318, A319 va A321 samolyotlariga taalluqli. Umumiy hisobda bu qariyb 6 mingta bortni tashkil qiladi. Shundan taxminan 5100 tasida nisbatan oddiy dasturiy ta’minotni yangilashning o‘zi kifoya qiladi. Eski samolyotlarda esa uskunani almashtirish ham talab qilinadi va buning uchun ularni vaqtincha ekspluatatsiyadan chiqarishga to‘g‘ri keladi.
Britaniya aviatsiya reglament idorasi bu jarayonlar “ma’lum darajada uzilishlar va aviaparvozlarning bekor qilinishiga” olib kelishi ehtimoli yuqori ekanini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil boshidan dunyo bo‘ylab samolyot halokatlarida vafot etganlar soni 400 kishidan oshgani haqida xabar berilgandi.