Yevropaning yirik kompaniyalari SpaceX’ga raqobat qilish uchun birlashmoqchi
Texnologiya
−
23 Oktabr 3004 1 daqiqa
Yevropa transmilliy aviatsiya va kosmik texnologiyalar kompaniyasi Airbus, Italiyaning Leonardo aerokosmik konserni va Fransiyaning Thales mudofaa sohasi kompaniyasi kosmik bo‘linmalarni birlashtirish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Ular Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi bilan raqobatlasha oladigan Yevropaning yetakchi kompaniyasini tashkil qilmoqchi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, uchala korporatsiya umumiy tuzilma yaratish rejasini ma’qullagan. Undagi aksiyalarning 35 foizi Airbus’ga, 32,5 foizdan esa Leonardo va Thales kompaniyalariga tegishli bo‘ladi. Yangi birlashgan kompaniya butun Yevropa bo‘ylab 30 ga yaqin maydonchani qamrab oladi va 25 mingdan ortiq xodim ishlaydi.
SpaceX o‘zining Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini ishga tushirganidan so‘ng, Thales va Airbus Geo sun’iy yo‘ldoshlari uchun talab keskin kamaygan. Yevropa konsernlarining umid qilishicha, birlashuv natijasida bozordagi o‘zgarishlarga tez javob bera oladigan, samaraliroq va moslashuvchan kosmik kompaniya yaratiladi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda uchala tashkilot ham o‘zlarining kosmik loyihalarida qiyinchiliklarga duch kelgan. Aynan shu muammolar bir necha yildan beri uzilishlar bilan muhokama qilinib kelayotgan ushbu birlashishga turtki bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX kompaniyasi Hind okeaniga qo‘ngan tarixdagi eng katta Starship kosmik kemasi prototipi bo‘lgan raketa tashuvchining 11-sinovini muvaffaqiyatli yakunlagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi