MDH makonida transport bilan bog‘liq muammolar saqlanib qolmoqda – Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 10 oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. 

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon raisligida o‘tgan sammit ishida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Belarusdan Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan hamda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston rahbari nutqining avvalida global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib borayotganiga qaramasdan, MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini namoyish etishda davom etayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, o‘n yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlar va aloqalar tufayli iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar masalalarning barcha yo‘nalishlarida yaqindan hamkorlik qilinmoqda.

“Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.

So‘ng Mirziyoyev Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning keskinlashishi, proteksionizmning kuchayishi va barqaror rivojlanish yo‘lida yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotganini hisobga olgan holda iqtisodiy sheriklikni kengaytirish tashkilotning so‘zsiz ustuvor yo‘nalishi ekani ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 11 foizga oshgani va bu ko‘rsatkich joriy yilda ham o‘sishda davom etayotgani qayd etildi. Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiya chuqurlashayotgani va o‘zaro investitsiyalar oqimi ko‘payib borayotgani tufaylidir. Mavjud imkoniyatlarni yanada to‘liq ishga solish, hamkorlikning bugungi sur’atini saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti birgalikdagi sa’y-harakatlarni quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga qaratishni taklif etdi.

Birinchidan, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish uchun yanada qulay sharoitlarni shakllantirish.

Alohida tovarlarni, birinchi navbatda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, MDH Iqtisodiy kengashi doirasida tashqi kon’yunktura o‘zgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari yo‘nalishini o‘zgartirish bo‘yicha mexanizmlarni ishga tushirish, texnik to‘siqlar va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiq ekaniga e’tibor qaratildi.

Ikkinchidan, transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish.

“Afsuski, MDH makonida transport tarmog‘ida amaldagi yo‘laklarning o‘tkazish samaradorligini pasaytiradigan muammoli holatlar hamon saqlanib qolmoqda”, dedi Mirziyoyev.

Uning aytishicha, bu barcha turdagi transportlar bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini tashkil etishni taqozo etmoqda.

Yuk tashish infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish muhimligini hisobga olib, O‘zbekistonda transport sohasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish masalalari bo‘yicha konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Uchinchidan, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash.

Bu borada maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash, kooperatsiyani chuqurlashtirish va biznesni jalb qilgan holda innovatsion startaplarni ilgari surish uchun MDHning Venchur platformasini yaratish, kelgusi yilda Toshkentdagi "INNOPROM" ko‘rgazmasi negizida Innovatsion sanoat forumini o‘tkazish taklif qilindi.

To‘rtinchidan, energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish.

O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek, bugungi kunda MDHdagi sheriklar bilan an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev MDH mamlakatlarida energetika sektorini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish va amalga oshirishni taklif etdi.

Beshinchidan, raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik.

O‘zbekiston rahbari joriy yil avgust oyida Samarqandda o‘tgan "MDHda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish" mavzusidagi xalqaro forum bu sohadagi kooperatsiya borasida o‘zaro qiziqish va imkoniyatlar ortib borayotganini ko‘rsatganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, ushbu sohada Amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ko‘p tomonlama harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etdi.

Shavkat Mirziyoyev fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni kengaytirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.

“Mamlakatlarimizda ta’lim sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka va akademik dasturlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uyg‘unlashtirish mexanizmini joriy etish lozim, deb hisoblaymiz”, dedi Prezident.

Kelgusi yilda kun tartibiga innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalar ekan, Prezident Mirziyoyev tashqi siyosiy idoralar va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qiladi.

“O‘zbekiston Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy tarafdori ekanini ta’kidlayman. Shu munosabat bilan, ushbu mamlakatda yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, dedi o‘zbekiston yetakchisi.

So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoyev Sergey Lebedevning MDH Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini qo‘llab-quvvatladi hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga tashkilotga raislikni qabul qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tiladi.

Yig‘ilishda Hamdo‘stlikka a’zo boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi. Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuv va qarorlar to‘plami imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev MDH transport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing