Qozog‘iston yo‘llarida haydovchisiz yuk mashinalari yura boshlaydi
Olam
−
09 dekabr 4412 1 daqiqa
2027 yildan boshlab tajriba tariqasida Qozog‘istonda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi yo‘llarida haydovchisiz yuk mashinalari qatnay boshlaydi. Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni Qozog‘iston transport vaziri Nurlan Sauranbayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston yo‘llarida maxsus infratuzilma barpo etiladi. Rejaga ko‘ra, avtomobil yo‘llariga bunday transport vositalari harakati uchun zarur bo‘lgan to‘liq sensor tizimi o‘rnatiladi.
“Loyiha hamkasblar va qo‘shni davlatlar bilan muhokama qilinmoqda. Uni YeOII doirasidagi nazorat-o‘tkazish punktlarida ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Nazorat-o‘tkazish joylarida navbatlar yuzaga kelganda, jarayon pasport nazorati bilan bog‘lanadi. Agar haydovchisiz transport vositalari qo‘llansa, bu jarayon sezilarli darajada tezlashadi. Shu sababli bizda alohida dastur ishlab chiqilgan”, dedi Sauranbayev.
Vazirning fikricha, haydovchisiz yuk mashinalari Qozog‘iston tranzit salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘ladi. Chunki haydovchi maoshi transport xarajatlarining katta qismini tashkil etadi. Bundan tashqari, haydovchilar uchun xavfsizlik talablari kuchaytirilgan: ular sakkiz soatdan keyin majburiy dam olishi kerak. O‘zini o‘zi boshqaradigan transport vositalari esa sutkaning 24 soati davomida harakatlana oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax shahri atrofida 10 km aylanma yo‘l qurilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani o‘rtasidagi temiryo‘l ustidan ham yangi ko‘prik qurilishi boshlangan.