Mirziyoyev Amerika parlamenti bilan muloqotni kengaytirish muhimligini aytdi
Jamiyat
−
24 Sentabr 2653 2 daqiqa
BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 sentyabr kuni o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda AQSH Kongressi a’zosi, Vakillar palatasidagi “O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus” raisi Trent Kelli va Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, general-mayor Bobbi Jinni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, shu jumladan, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Parlamentlararo muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari O‘zbekistonga muntazam tashrif buyurmoqda. “O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha kokus” faol ishlamoqda, uning tarkibi kengaymoqda. Kongressda har yili ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan O‘zbekiston kunlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shuningdek, AQSHning Missisipi shtati bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarga yuksak baho berildi. O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda Kongressning qo‘llab-quvvatlovi muhim ekani ta’kidlandi.

Suhbat yakunida yaqinda Kongress delegatsiyasi va Missisipi shtati ishbilarmonlarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida AQSH rahbari Donald Tramp, Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Albaniya Prezidenti Bayram Begay hamda Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, Chexiya Prezidenti Petr Pavel bilan ilk bor yuzma-yuz uchrashdi.
Live
Barchasi