Mirziyoyev bir guruh xotin-qizlarni mukofotladi (foto)
Jamiyat
−
07 mart 6867 3 daqiqa
Bugun, 7 mart kuni Toshkent shahrida joylashgan Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tadbir avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, muhtarama onalar, aziz opa-singillarni samimiy qutlagan. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, qadr-qimmatini ulug‘lash davlat siyosatida yetakchi o‘rinda ekanini ta’kidlagan.

“Uy-ro‘zg‘or ishlari va farzand tarbiyasidan ortib, ta’lim olayotgan, mehnat qilayotgan va tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar zamonamizning haqiqiy qahramonlari, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda xotin-qizlarning og‘irini yengil qilish, ular uchun barcha sohalarda zarur sharoitlarni yaratib berish doimo davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, shu bois, yangilangan Konstitutsiyadagi ijtimoiy davlat tamoyiliga muvofiq, ayollarni ijtimoiy himoya qilish ham yangicha tashkil etilmoqda. Joriy yilda nogironligi bo‘lgan 162 ming nafar ayolga sanatoriy, shifoxona va o‘zlari yashayotgan mahallada tibbiy yordam ko‘rsatiladi, boquvchisini yo‘qotgan 130 ming nafar xotin-qizga moddiy yordam beriladi, yana 6 mingining uy-joy sharoitlari yaxshilanadi, mehnatga layoqatli ayollar ishga joylashtiriladi.

Shuningdek, har yili og‘ir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatidagi so‘lim maskanlarga o‘qish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi.

Uchrashuv davomida qiz bolaning o‘qishi butun oilaga naf keltirishi yana bir bor ta’kidlangan.
Shuningdek, uchrashuv davomida bu yil 250 ming nafar qiz oliy ta’limga qamrab olinishi, 250 ming nafar ayol kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilishi va “Yorqin kelajak” loyihasi doirasida kamida 200 nafar qiz har yili dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborilishi ham aytib o‘tilgan.

Qolaversa, davlat rahbari xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish masalalariga alohida to‘xtalgan.
Unga ko‘ra, bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trillion so‘m ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 million dollar beriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda tijorat banklari ham 100 million dollar jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi.

Ma’lum qilinishicha, endi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha 4 bosqichli yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.
Birinchi bosqichda biznesga qiziqqan, lekin ko‘nikmasi bo‘lmagan 20 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlikka o‘qitiladi. Ikkinchi bosqichda o‘zini o‘zi band qilgan 100 ming nafar ayolning kichik tadbirkor bo‘lishiga ko‘maklashiladi. Uchinchi bosqichda «Hamroh» kompaniyasi har bir tumanda 2 tadan kichik korxona namunali o‘rta biznes darajasiga olib chiqishga mas’ul bo‘ladi. To‘rtinchi bosqichda eng faol 50 nafar ayol tadbirkor yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshadigan “chempion tadbirkor”ga aylantiriladi.

Xabarga ko‘ra, bu yil kasb-hunarga o‘qitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 million nafar ayolning bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
“Oldimizga barcha soha va yo‘nalishlarda g‘oyat ulug‘vor maqsadlarni qo‘ymoqdamiz. Bunga erishish uchun biz tayanadigan yetuk avlodni tarbiyalab, voyaga yetkazish siz, azizlarning – fidoyi onalarning qo‘lida”, degan davlat rahbari.
Prezidentning shu yil 3 martdagi qaroriga binoan 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan, 4 martdagi farmonga muvofiq, mehnat faoliyati va jamoat ishlarida katta natijalarga erishgan bir guruh ayollar orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirilgan.

Marosim so‘ngida Shavkat Mirziyoyev xalq nomidan ayollarni yana bir bor tabriklab, ezgu tilaklar bildirgan.

“Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, dunyodagi eng katta boylik – oilaviy baxt-saodat yor bo‘lishini tilayman. Doimo farzandlaringiz va yaqinlaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida yurish nasib etsin”, degan Prezident.
Bayram doirasida “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida tantanali konsert namoyish etilgan.
Live
Barchasi