Prezident OKMKning 3-mis boyitish fabrikasi faoliyatiga start berdi
Jamiyat
−
12:42 1490 1 daqiqa
O‘zbekiston 2030 yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu haqda bugun, 16 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasini ishga tushirish marosimida aytildi.
Ma’lum qilinishicha, bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rinlari yoshlar uchun katta imkoniyat bo‘ladi.
“Hozir respublika faollariga murojaat qilmoqchiman. Yoshlarga yetkazinglar: o‘qisin, izlansin, bunday korxonalarda ishlab, hayotda munosib o‘rnini topsin!” degan Prezident.
Bugun ishga tushirilayotgan 3-mis boyitish fabrikasi Yangi O‘zbekistonning tog‘-kon va metallurgiya sanoatini yangi texnologik bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.
Davlat rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, o‘zining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga o‘z hissasini qo‘shayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirgan. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tilagan.
Marosimda kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar so‘zga chiqqan. Prezident fabrika faoliyatiga start bergan.
Live
Barchasi