Mirziyoyev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi
Jamiyat
−
25 noyabr 5977 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 noyabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Samarqand viloyatiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari Samarqandga tashrifini taomilga ko‘ra, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

Prezidentning tashabbusi bilan bunyod etilgan mazkur majmuada umumiy maydoni 45 gektarni tashkil etadigan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid va ma’muriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bag‘ishlagan.
Bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligi e’tiborga olinib, majmuada innovatsion muzey tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni, deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi.

Majmua avval bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir 65 ming nafar mehmonga xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, hududda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi joylashgan.
Ziyoratgoh atrofida 570 milliard mablag‘ sarflanib, mehmonxonalar va savdo-servis nuqtalari tashkil etildi. Bunda 1 ta to‘rt yulduzli, 2 ta uch yulduzli hamda 22 ta oilaviy mehmon uyi qurilgan. Mazkur ob’ektlar to‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanib, hududi obodonlashtirilgan. 2026 yilga qadar hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda avtoturargohlarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlati rahbari Imom Buxoriy ziyoratgohi O‘zbekiston xalqining boy ma’naviy merosi va bunyodkorlik salohiyatining yorqin namunasi bo‘lganini ta’kidlab, majmuada ayni paytda olib borilayotgan so‘nggi obodonlashtirish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Live
Barchasi