Mirziyoyev marhum mudofaa vazirining yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining taniqli namoyandasi, mamlakatning birinchi mudofaa vaziri, iste’fodagi general-polkovnik Rustam O‘rmonovich Ahmedov kecha, 12 oktyabr kuni 82 yoshida vafot etdi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi.

Rustam Ahmedov 1943 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng dastlab Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtida, keyin Moskva shahridagi Zirhli tank qo‘shinlari harbiy akademiyasida ta’lim olgan.

Butun hayotini harbiy sohaga bag‘ishlagan Rustam Ahmedov tank polkida vzvod komandiri, tank diviziyasi siyosiy bo‘limi boshlig‘ining yordamchisi, tank diviziyasi bataloni komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurti kursantlar bataloni komandirining o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilib, shaxsiy tarkibni boshqarish, uning harbiy, jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini oshirish borasida yetarli bilim va tajriba orttirgan.

Toshkent oliy tank qo‘mondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik va Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan yillarida uning tashkilotchilik qobiliyati yaqqol namoyon  bo‘lgan.

Mustaqillikdan so‘ng Rustam Ahmedov O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa vaziri, ayni vaqtda birmuncha muddat Milliy gvardiya qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi sifatida faol ish olib borib, milliy armiyani shakllantirish, davlat mudofaa tizimini barpo etish, harbiy kadrlarni tayyorlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan. Mudofaa vazirligining Bosh shtabi qayta tashkil etilib, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabiga aylantirilgan, harbiy okruglar tuzildi, harbiy qismlarning joylashuv va boshqaruv tizimi takomillashtirilgan. Mudofaa vazirligining boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan.

Rustam Ahmedov 1997-1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham samarali faoliyat olib borgan.

“Faxriy general, ulug‘ yoshda bo‘lishiga qaramasdan, Yangi O‘zbekistonda Qurolli Kuchlarni modernizatsiya qilish, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy tayyorgarligini oshirish borasidagi ulkan islohotlarni amalga oshirishda mudofaa vazirining maslahatchisi sifatida o‘zining boy bilim va tajribasi bilan faol ishtirok etdi.  Qaysi lavozimda xizmat qilmasin, harbiy qasamyodiga sodiq qolib, o‘z zimmasidagi vazifalarni mas’uliyat va sharaf bilan bajardi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda shaxsiy namuna ko‘rsatdi”,deyiladi hamdardlik matnida.

Rustam Ahmedovning harbiy sohadagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U O‘zbekiston Respublikasining II darajali “Shon-sharaf” va “Do‘stlik” ordenlari bilan mukofotlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 94 yoshida vafot etgan davlat va jamoat arbobi Ismoil Jo‘rabekovning ta’ziya marosimida ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Rustam Ahmedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing