Mirziyoyev Binali Yildirimni qabul qildi
Jamiyat
−
12 noyabr 3900 1 daqiqa
Bugun, 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev multimodal tashuvlar bo‘yicha xalqaro forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirimni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Kengashning ko‘p tomonlama tashabbuslarni muvofiqlashtirish va ilgari surishdagi o‘rni hamda faol ishtiroki ortib borayotganini hisobga olib, tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Joriy yilda Budapesht va Gabala shaharlarida o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlarida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan strategik takliflarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Prezident Oqsoqollar kengashining institutsional salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, turkiy xalqlarning milliy an’analari, ma’naviy merosi va madaniy birligini saqlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni taklif etgan.
Ma’lumot uchun, Binali Yildirim – turkiyalik davlat va siyosat arbobi. 2016 yil 22 maydan 2017 yil 21 maygacha Adolat va taraqqiyot partiyasining yetakchisi bo‘lgan. 2016 yil 22 maydan 2018 yil 9 iyulgacha Turkiya Respublikasining so‘nggi bosh vaziri lavozimida ishlagan. U mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning eng yaqin tarafdorlaridan biri hisoblanadi.
Live
Barchasi