Misrda dunyodagi eng katta arxeologik muzey ochildi

Olam

image

Joriy yilning 1 noyabr kuni Misr poytaxti Qohira yaqinida “Buyuk Misr muzeyi” nomli dunyodagi eng katta arxeologik muzey ochildi. Bu haqda ushbu muzey saytida xabar berildi.

Mazkur majmua Misrning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik madaniy loyihasi hisoblanib, 20 yil davomida qurilgan va 100 mingdan ortiq artefaktni o‘z ichiga olgan. Uning ochilish marosimida Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer hamda o‘nlab davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etgan. 

“Bir necha milliard dollar sarflanib qurilgan muzey mamlakat tarixidagi yangi sahifadir. Muzeydagi fir’avnlar davri va keyingi asrlarga oid bebaho boyliklar turizm o‘sishiga xizmat qiladi. Rejalarga ko‘ra, bu yerga yiliga 5 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi”, deydi Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi o‘z nutqida. 

Ochilish marosimi mushak, simfonik orkestr chiqishlari, qadimgi Misr freskalari ruhidagi raqslar va yorug‘lik shousi bilan bezatilgan. Germaniya Prezidenti Shtaynmayer muzeyning ahamiyatini “baholab bo‘lmas darajada katta” deb atab, u butun dunyodan mehmonlarni jalb etishiga ishonch bildirgan. 

Inshoot Giza piramidalari yaqinida joylashgan bo‘lib, shisha va och tusli qumtoshdan qurilgan. Deyarli bir kilometrlik fasad ortida umumiy 500 ming kvadrat metr maydonni egallagan. Doimiy ekspozitsiyasi 24 ming kvadrat metrni tashkil etadi bu bir madaniyatga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik kolleksiya hisoblanadi.

Bosh zal markazida Ramzes II ning 11 metr balandlikdagi, 83 tonna og‘irlikdagi haykali o‘rnatilgan. Muzeyning eng qimmatbaho qismi esa Tutanxamon maqbarasidan topilgan 5000 dan ortiq buyumlar to‘plami, jumladan, mashhur oltin niqobidir. Tashrif buyuruvchilar, maxsus derazalar orqali restavratsiya ustaxonasida ishlayotgan mutaxassislarni kuzatishlari mumkin. Hozir u yerda 4,5 ming yillik fir’avn kemasi tiklanmoqda, u Xufu (Xeops) piramidasi yaqinidan topilgan.

Qayd etish joiz, Yaponiyaning moliyaviy va texnik yordami bilan amalga oshirilgan loyihasi mintaqaviy mojarolar, siyosiy beqarorlik va COVID-19 pandemiyasi sabab bir necha bor kechiktirilgan. Muzeyning ayrim qismlari 2024 yil oktyabridan sinov tarzida ochilgan, to‘liq ochilish esa ertaga, 4 noyabrda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda 20 yil davom etgan restavratsiya ishlari yakunlanib, fir’avn Amenxotep III ning maqbarasi ilk bor sayyohlar uchun ochilgani haqida xabar berilgan edi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Misr Qohira muzey Amenxotep III

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing