Miyani qarishdan himoya qiladigan o‘simlik topildi
Salomatlik
−
15 Oktabr 22604 2 daqiqa
Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti olimlarining aniqlashicha, Amerika rayhoni ekstrakti miya qarishini sekinlashtiradi hamda oksidlovchi stress va yallig‘lanishni kamaytiradi. Bu haqdagi tadqiqot natijalari “Nutrients” jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar kalamushlarda tajriba o‘tkazib, qo‘shimchaning gippokampga (xotira va o‘rganish bilan bog‘liq miya qismi) ta’sirini o‘rgangan. Natijalar shuni ko‘rsatganki, rayhon tarkibidagi birikmalar organizmda moddalar almashinuvi jarayonida hosil bo‘ladigan va hujayralarni shikastlaydigan aktiv kislorod shakllari (AKSH) miqdorini kamaytiradi. AKSHning ortiqcha miqdori oksidlovchi stressni keltirib chiqaradi, bu esa ayniqsa miya hujayralarining faoliyatini buzadi, neyronlarning membranalarini yemiradi va nerv signallarining uzatilishini sustlashtiradi.
Qayd etilishicha, rayhon ekstraktining qo‘llanilishi gippokampdagi hujayra membranalarining buzilishini oldini olgan, shuningdek, yallig‘lanish sitokinlari TNF-α (o‘sma nekrozi omili alfa) va IL-1β (interleykin-1 beta) darajasini kamaytirgan. Ushbu molekulalar organizmda yallig‘lanish jarayonlarini faollashtiradi va ularning yuqori darajada bo‘lishi neyroyallig‘lanishni kuchaytirib, miya qarishini tezlashtiradi.
Biokimyoviy tahlil rayhon tarkibida antioksidant fenol birikmalari rozmarin va xloregen kislotalari ko‘p miqdorda borligini aniqlagan. Olimlarning aytishicha, aynan shu moddalar miya hujayralarini himoya qilish (neyroprotektiv) ta’sirini ta’minlaydi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu natijalar Amerika rayhoni ekstrakti asosida biologik faol qo‘shimchalar va nutrasevtik vositalar yaratish imkonini beradi. Biroq inson uchun optimal doza va shaklni aniqlash uchun yana qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Latviyada yangi xavfli narkotik aniqlangandi. Ushbu modda inson salomatligi uchun juda xavfli bo‘lgan yangi sintetik opioid – “spiroxlorfin” bo‘lib, Kasalliklarni oldini olish va nazorat markazi ushbu modda hamda uni o‘z ichiga olgan mahsulotlarga vaqtinchalik taqiq joriy etgan edi.
Mohichehra Qadamova