Miyani yosh saqlash sirlari: olimlar tavsiya qilgan 3 odat

Salomatlik

image

Yosh o‘tishi bilan inson tanasida bo‘lgani kabi miya faoliyatida ham tabiiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Xotiraning sustlashishi, diqqatning pasayishi yoki ma’lumotni sekinroq qabul qilish holatlari ko‘pchilikka tanish. Ammo mutaxassislarning aytishicha, kundalik hayotdagi ayrim oddiy odatlar miyani uzoq yillar davomida faol saqlashga yordam berishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot BBC da elon qilindi.

Olimlar buni “kognitiv zaxira”, deb ataydi - ya’ni miya turli o‘zgarish va kasalliklarga bardosh bera oladigan ichki mustahkamlikni shakllantiradi. Qiziq tomoni shundaki, buning uchun murakkab mashqlar yoki qat’iy rejimlar shart emas. Ba’zi oddiy, hatto yoqimli mashg‘ulotlarning o‘zi ham miya faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Quyida miyaning qarishini sekinlashtirish uchun olimlar tavsiya qilgan 3 usul keltirilgan:

1. Fazoviy fikrlashni mashq qiling

Mutaxassislar miya faoliyatini saqlash uchun fazoviy navigatsiya, ya’ni yo‘nalishni mustaqil topish, manzillarni eslab qolish va atrof-muhitni ongda tasavvur qilish ko‘nikmasi muhimligini aytadi.

Buyuk Britaniyadagi London Universitet kolleji nevrologi Dennis Channing so‘zlariga ko‘ra, Alsgeymer kasalligida eng avval zarar ko‘radigan hududlardan biri hipokampus hisoblanadi. Aynan shu miya qismi xotira va yo‘nalishni aniqlash bilan bog‘liq.
“Biz Alsgeymerga chalingan odamlarda ilk belgilaridan biri sifatida adashib qolish holatini ko‘p kuzatamiz. Shu sabab miya bu qismini faol ishlatish juda muhim”, - deydi mutaxassis.

Tadqiqotlarda taksi haydovchilari va tez yordam mashinasi haydovchilarida Alsgeymer bilan bog‘liq muammolar kamroq uchrashi qayd etilgan. Olimlar buni ularning muntazam ravishda yo‘nalishlar bilan ishlashi va xaritasiz harakatlanishga odatlanishi bilan izohlaydi.

Mutaxassislar kundalik hayotda ham bu ko‘nikmani rivojlantirish mumkinligini aytadi. Masalan: telefon navigatorsiz yangi manzil topishga harakat qilish, sayr uchun yangi yo‘nalish tanlash yoki navigatsion sport turlari bilan shug‘ullanish.

2. Ijtimoiy faollik miya uchun foydali

Olimlar odamlar bilan muntazam muloqot qilish ham miya faoliyatini saqlashga yordam berishini ta’kidlaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan insonlarda kognitiv pasayish va demensiya xavfi sezilarli darajada kamroq uchraydi.
London Qirollik kolleji epidemiologi Pamela Almeida-Mezaning aytishicha, suhbatlashish va fikr almashish vaqtida miyaning bir nechta qismlari bir vaqtning o‘zida ishlaydi. “Oddiy suhbatning o‘zi ham miya uchun mashq vazifasini bajaradi. Inson tinglaydi, eslaydi, javob qaytaradi va fikr yuritadi. Bu esa miyani faol saqlaydi”, - deydi u.
Yolg‘izlik va uzoq davom etadigan stress esa aksincha, miya faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu sabab: yaqinlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, do‘stlar bilan uchrashib turish, jamoaviy mashg‘ulotlarda qatnashish, kitobxonlik, shuningdek, qiziqarli klublariga qo‘shilish foydali hisoblanadi.

3. Yangi narsalarni o‘rganishdan to‘xtamang

Olimlar miyani faol saqlashning eng samarali usullaridan biri - doimiy o‘rganish ekanini aytadi. Yangi bilim va ko‘nikmalar miyadagi nerv hujayralari o‘rtasidagi bog‘lanishlarni mustahkamlaydi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, hayoti davomida o‘qish va o‘rganishni davom ettirgan insonlarda demensiya, ya’ni aql zaiflashuvi xavfi kamroq bo‘ladi. Psixolog Alan Gowning aytishicha, bunda katta o‘zgarishlar qilish shart emas. “Yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’i nazar, miyamizni biroz ko‘proq ishlatadigan odatlarni kundalik hayotga qo‘shish foyda beradi”, - deydi u.

Mutaxassislar quyidagi mashg‘ulotlarni tavsiya qiladi: yangi til o‘rganish, kitob o‘qish, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish, musiqa asbobini o‘rganish hamda yangi hobbi topish.

Olimlarning ta’kidlashicha, miya doimiy ravishda yangilik va faoliyatni yoqtiradi. Eng muhimi, inson o‘ziga qiziq bo‘lgan mashg‘ulotni tanlashi kerak. Chunki yoqimli jarayon sifatida bajarilgan faoliyat uzoq davom etadi va ko‘proq foyda beradi.

Zarnigor Xudoyberdiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

olimlar Miya yosh saqlash miya faoliyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing