Moskvada general o‘ldirilishi bo‘yicha nimalar ma’lum?

Olam

image

Kecha, 22 dekabr kuni Moskvada portlash oqibatida 12 oy ichida uchinchi rus armiyasi generali halok bo‘ldi. Marhum Fanil Sarvarov harbiy mashqlarga, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan oldingi mashqlarga rahbarlik qilgan. 

Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi operatsion tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i general-leytenant Fanil Sarvarov shahar janubida sodir bo‘lgan avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Portlash Yasenevaya ko‘chasidagi 12-bino yaqinidagi avtoturargohda sodir bo‘lgan. Portlovchi moslama “Kia Sorento” avtomobilining tagiga o‘rnatilgan. “Agentstva” nashrining xabar berishicha, portlash sodir bo‘lgan binoda bir nechta Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi zobitlari yashaydi.

Tergov qo‘mitasi umumiy xavfli usulda sodir etilgan qotillik (Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismining “e” bandi) va portlovchi moddalarni noqonuniy olib kirish (Rossiya Jinoyat kodeksining 222.1-moddasi) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 


“Qotillik bo‘yicha turli nazariyalar tekshirilmoqda. Ulardan biri jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilganligi”, deb xabar berdi agentlik. 

Sarvarov haqida nimalar ma’lum. 

Fanil Sarvarov jamoat arbobi emas edi. O‘ldirilishidan oldin uning ismi hech qachon Rossiya axborot agentliklari veb-saytlarida ko‘rinmagan edi. Rossiya Mudofaa vazirligining G‘arbiy harbiy okrugi tomonidan nashr etilgan “Vatan qo‘riqchisi” gazetasidagi “Zapad-2021” mashqlari haqida yozilgan maqolada Sarvarov haqida eslatib o‘tilgan. Keng ko‘lamli mashqlar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan olti oy oldin bo‘lib o‘tgan va shundan so‘ng rus qo‘shinlari bosqinchilikdan oldin g‘arbiy chegaralar bo‘ylab to‘plana boshlagan.

“Komsomolskaya pravda” gazetasining harbiy kuzatuvchisi va Rossiya Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi a’zosi Viktor Baranets Sarvarovning Bosh shtabdagi boshqarmasini Rossiya armiyasining “asosiy markazlaridan biri” va “miya markazlari” deb atadi.

Sarvarov 1969 yil 11 martda Perm viloyatining Gremyachinsk shahrida tug‘ilgan. Qozon oliy tank qo‘mondonlik maktabini, zirhli kuchlar harbiy akademiyasini va Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi harbiy akademiyasini tamomlagan.

“Kommersant” xabar berishicha, u 1992 yildan 2003 yilgacha Osetiya-Ingush mojarosi va Chechenistondagi urushda, 2015-2016 yillarda esa Suriyadagi urushda jang qilgan. 2016 yilda Sarvarov Rossiya Qurolli Kuchlari Operatsion tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. Mudofaa vazirligi veb-saytiga ko‘ra, ushbu bo‘lim harbiy mashqlarni rejalashtirish va tashkil etish uchun mas’uldir. 2024 yil may oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sarvarovni general-leytenant unvoniga ko‘targan. General “Jasorat” ordeni, Suvorov medali, 2-darajali “Vatanga xizmatlari uchun” ordeni, 2-darajali “Harbiy xizmatlari uchun” ordeni va 1-darajali “Vatanga xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligi Sarvarovning o‘ldirilishi bo‘yicha hech qanday izoh bermadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunchaki xavfsizlik xizmatlari generalning o‘ldirilishi haqida Putinga xabar berganini aytdi. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi kontekstida Sarvarovning aniq missiyalari haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q .

Ma’lumot o‘rnida, Sarvarovning o‘ldirilishidan olti oy oldin, 2025 yil aprel oyida Bosh shtab Bosh operatsiyalar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Yaroslav Moskalik Moskva yaqinidagi Balashixada avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgandi. Portlovchi moslama portlagan paytda u to‘xtab turgan mashina yonidan o‘tayotgan edi. Moskalikning uyi harbiy nafaqaxo‘rlar uchun mo‘ljallangan turarjoy hududida joylashgan edi. Moskalik 2015 yilda Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etgan edi.

General qo‘mondonlik qilgan Bosh shtabning Bosh operatsion boshqarmasi barcha Rossiya harbiy operatsiyalarini rejalashtirishda asosiy element hisoblanadi. 


Portlashdan keyingi kun Federal xavfsizlik xizmati qotillik sodir etgan Ignat Kuzinning hibsga olinganini e’lon qilib, uni “Ukraina maxsus xizmatlari agenti” deb ta’rifladi. Avgust oyida FXX Saratov viloyatida 1976 yilda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi general Moskalikning o‘ldirilishiga sherik bo‘lgani uchun hibsga olinganini xabar qildi. Kuzin 2025 yil noyabr oyida umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

Shuningdek, 2024 yil dekabr oyida Moskvaning janubi-sharqida Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa (RCBD) kuchlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov ham shunga o‘xshash vaziyatda vafot etdi. Kirillov chiqayotgan eshik yonida turgan elektr skuterning tutqichiga bomba o‘rnatilgan edi. Portlashdan bir kun oldin Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Kirillovga qarshi sirtdan shubha bildirish to‘g‘risida xabar berdi. UXX ma’lumotlariga ko‘ra, general Ukrainaga bostirib kirish paytida Rossiya kuchlari tomonidan kimyoviy qurol ishlatilgani uchun javobgar bo‘lgan. 

Kirillovning o‘ldirilishida gumon qilinib, O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingan. Tergov qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, u go‘yoki Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmalari asosida harakat qilgan.

Kiyev Kirillov va Moskalikning o‘ldirilishida ishtirokini rasman tasdiqlamadi, ammo uning o‘limidan bir necha kun o‘tgach, Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina Tashqi razvedka xizmati rahbari “Rossiya qurolli kuchlarining yuqori qo‘mondonligidan shaxslarning yo‘q qilingani haqida xabar berganini” yozdi. “Adolat muqarrar ravishda keladi”, deya qo‘shimcha qilgandi Zelenskiy.

Kirillov ham UXX maxsus operatsiyasida o‘ldirilganini xavfsizlik xizmatidagi manbalar OAVga tasdiqladi. Biroq, Kiyev generalning o‘ldirilishiga aloqadorligini ochiqchasiga rad etdi. 

“Ukraina terroristik usullardan foydalanmaydi”, dedi Prezident devoni rahbarining maslahatchisi Mixaylo Podolyak. 

Uning ta’kidlashicha, barcha qarorlar faqat jang maydonida qabul qilinadi, “tashqarida” emas. Shuningdek, u rossiyalik general “to‘planib qolgan ichki mojarolar” oqibatida o‘ldirilganini da’vo qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva portlash Fanil Sarvarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing