Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mayda shoxli mollar olib kelinadi
Jamiyat
−
18 iyul 11130 4 daqiqa
Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollar olib kelinadi va mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning soni 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkaziladi. Bu bugun, 18 iyul kuni qabul qilingan “Mo‘g‘ulistonga oliy darajadagi tashrif davomida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025-2026 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning asosiy ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilangan:
- (a) Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;
- (b) bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;
- (v) meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib borib, 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish;
- (g) O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish.
Shuningdek, Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni import qilish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. 2025 yil 1 avgustdan 2027 yil 31 dekabrga qadar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda tadbirkorlik sub’ektlariga havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi. Bunda ushbu kichik bandda nazarda tutilgan xarajatlar uchun talab etiladigan mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga chorvachilik xo‘jaliklari tomonidan xorijiy davlatlardan import qilingan nasldor qoramol, qo‘y va echki, ona baliq va jo‘jalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi. Shu bilan birga, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatini foizlar hisoblanmagan holda to‘lov ta’minotisiz kechiktirib to‘lash imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga import qilishda quyidagi takliflariga rozilik berilgan:
- (a) chorvachilik yo‘nalishida jalb qilingan xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini tadbirkorlik sub’ektlariga yillik 10 foiz stavkada (shundan 3 foiz bank marjasi) 5 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan ajratish. Bunda tijorat banklarining mazkur kichik bandda nazarda tutilgan kreditlarni imtiyozli shartlarda ajratish bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetiga to‘lanadigan dividendlarini mos ravishda kamaytirish hisobiga qoplanadi;
- (b) tadbirkorlik sub’ektlariga ajratiladigan kredit mablag‘lari uchun sug‘urta mexanizmidan foydalangan holda mol-mulk garov ta’minotini 50 foizgacha etib belgilash.
Shu bilan birga, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga (keyingi o‘rinlarda – Veterinariya qo‘mitasi) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyat hokimlarining kafilligi asosida bir oy muddatda qaytarish sharti bilan Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik sub’ektlariga Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni yetkazib berishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish huquqi beriladi.
Buxoro, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hokimlari bir hafta muddatda mayda shoxli mollarni parvarishlash uchun ozuqa yeri, chorvachilik majmuasi va mutaxassisi (veterinar) mavjud bo‘lgan tadbirkorlar ro‘yxatini shakllantirib, Veterinariya qo‘mitasiga taqdim etadi.
Shuningdek, yaylov yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etish va ularni muhofaza qilish, qorako‘lchilik, teri va jun sanoati sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo yaylov xo‘jaliklari balansidagi yerlar Mo‘g‘ulistondan mayda shoxli mollarni O‘zbekistonga kamida 1 000 bosh import qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagi shartlar asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi:
- (a) naslchilik va seleksiya ishlarini rivojlantirish orqali import qilingan mayda shoxli mollarning bosh sonini ko‘paytirib borish;
- (b) yaylovlarda ozuqabop o‘simlik turlaridan bo‘lgan izen, teresken, quyrovuq, kamforosma, cho‘g‘on, erkak o‘t, oq (qora) saksovul ekilishini tashkil qilish.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga tarixdagi birinchi davlat tashrifi bo‘lib o‘tgandi. Davlat rahbari 24 iyun kuni Ulan-Bator shahrida Prezident Uxnaagiyn Xurelsux bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va sanoat sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Yakunda Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi.
27 iyun kuni Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Enxbayar Jadamba hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna halol ot va qo‘zi go‘shtining birinchi partiyasini sotib olishga kelishildi.
Live
Barchasi